Yetti kun davomida ota-onasini yelkasidan tushirmagan yigit qayerga yo‘l oldi?
Bugun axborot asrida yashayapmiz. Televideniye, gazeta–jurnallar, internet tarmoqlari orqali turli-tuman xabarlar, foto suratlar, videolavhalardan voqifmiz. Yaqinda internet tarmog‘ida yurolmaydigan keksa ota-onasini savatga solib, ikki yelkasiga osib, Bangladeshga qochib ketayotgan birmalik migrant yigitning suratini uchratib chuqur o‘yga toldim. Yetti kun davomida ota-onasini yelkasidan tushirmasdan ko‘tarib ketayotgan yigitning oyog‘i yalang, usti yupun, ammo qalbi, imoni butun edi. Ota-onasiga tengsiz mehr va muhabbat ko‘rsatgan bu yigitni ko‘rib, xayol oynasidan ko‘chalarimizda tez-tez uchrab turadigan yonidan o‘tganingizda mung‘ayib qo‘llarini sizga cho‘zib, sadaqa so‘rayotgan keksa otaxon va onaxonlar o‘tdi.
Har gal odam gavjum shahar markazida qaddi bukilib, usti yupun, ko‘zlarida mung bilan iymanib, qo‘llarini cho‘zib turgan ayolga pul uzatar ekanman, yuragim bir qalqib, BU KIMNING ONASI? degan savol xayolimdan o‘tadi. Do‘kon yonidagi ovoz yozish studiyasida esa sevimli hofizning “ Sochlari oq, xasta bo‘lsa ham, Orangizda Onam bo‘lsaydi...” degan g‘amgin nolasi baland pardalarda yangrab, yurakni battar ezadi.
Tilanchilar Yaratganga ham, bandasiga ham yoqmasligi aniq. Tilanchilik qilayotganlarga sadaqa berishni ham ko‘plar xushlamaydi. Ammo u -tilanchi emas, u –ONA! Muhtojlikdan nonga cho‘zilgan qo‘llarni qaytara olmaymiz. Ayniqsa ular ota-onamizdek keksayib qolgan, yordamga muhtoj insonlar bo‘lsa, ulardan muruvvatimizni darig‘ tutish insofdan emas. Yo‘q, yo‘q, bu yerda tilanchilik noshukurlik belgisi, deb aslo ta’na qilolmaymiz. Bu maqolani ham aslo bunday ta’na bilan yozayotganimiz yo‘q. Aksincha, ota-onadek mo‘’tabar zotlarning keksayganda, mehnatga yaroqsiz bo‘lib qolganida bunday achinarli holatga tushib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bu so‘zlarni yozishga jazm etdik.
Farzandini oq yuvib, oq taragan, butun umrini bolasiga bag‘ishlagan mushtipar onasini keksalikda xo‘rlatib qo‘yish holatlari bizning millatimizga yot illat albatta. To‘g‘ri, uyining to‘ridan piru badavlat volidasi va padari buzrukvoriga joy bergan, mehri bilan ularni ardoqlayotgan, qadrlayotgan oqibatli farzandlar bisyor. Hayotda to‘shakka mixlangan xasta ota-onasini bir necha yillar davomida qo‘lida ko‘tarib, parvarish qilgan mehribon farzandlar ham oz emas. Ammo hayot chorrahalarida yuqoridagi kabi yordamga muhtoj, mehrga zor ota-onalarni tez-tez uchratayapmiz. Ularning farzandlari nega bu ko‘yga tashlab qo‘ydi ekan, degan savollarga esa javob topolmaymiz.
Bunday farzandlar Bosh qomusimizda belgilab qo‘yilgan “Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar” degan ham qonuniy, ham vijdoniy asosni nahotki unutgan bo‘lsalar?
Yana bir og‘riqli masala. Keksayganimda holimdan xabar olsin deb, mol-mulkini farzandlariga xatlab berib, o‘zi ko‘chada qolgan ota-onalar ham afsuski uchrab turadi. To‘rt muchasi sog‘ bo‘la turib, hech qayerda ishlamay, keksa ota-onasining yelkasiga “minib” olgani yetmaganidek, do‘q-po‘pisa bilan ularning oxirgi pullarini ham tortib olayotgan nobakor o‘g‘il-qizlar ham yo‘q emas. Eng achinarlisi, ota-onasiga qo‘l ko‘tarayotgan nonko‘r farzandlar borligini aslo kechirib bo‘lmaydi.
Bu o‘tkinchi dunyoda qishloqdagi ota-onasini yo‘llariga intizor qilib, bir hol so‘rashga vaqt topolmaydigan ayrim toshbag‘ir farzandlar ular olamdan o‘tgandan so‘ng, shahardagi katta restoranlarda otasi yoki onasiga aza ziyofati uyushtirishi ham bizning qadriyatlarimizga yot narsa emasmi? Otangiz yoki onangizning vafoti to‘ymidiki, unga kazo-kazolarni taklif qilib osh berasiz? Undan ko‘ra, tirikligida yo‘llaringizga nigoron bo‘lgan mo‘’tabar zotni yo‘qlab turish, unga oddiy bo‘lsa ham nimadir sovg‘a qilib quvontirish, ko‘nglini ko‘tarib, rizo qilib, duosini olish farz emasmi?
Sizga eng qimmatli narsani- hayot va oq sut bergan Onangizni muruvvat uyiga topshirayotganda vijdoningiz uyg‘oqmidi, ko‘zlaringiz ochiqmidi, deb so‘ragimiz keladi. Ota –onangizni armonlarga topshirib qo‘yib, qanday bemalol yashashingiz, bemalol uxlashingiz mumkin ? Axir onangiz, otangizning tomog‘idan sizsiz suv ham o‘tmagan kunlarni nahotki unutgan bo‘lsangiz. To‘g‘ri, ular aslo nolimaydi, birovga shikoyat ham qilmaydi. Shuning uchun ham bizda ota-onasiga qaramagani uchun jarima to‘lagan, unga ozor yetkazgani uchun jazoga tortilgan kimsani ko‘rmaysiz. Chunki, ota-onalar bolasidan hech qachon nolimaydigan, ularga yomonlikni ravo ko‘rmaydigan xalqmiz, millatmiz.
Mabodo ular hech kimsiz, yolg‘iz keksa bo‘lsa-chi? Axir unda qonunlarimizdagi “Voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir” deyilgan huquqiy asos nega ishlamayapti?
Chunki ba’zida qo‘ltiqtayoqqa suyangan, bir qo‘li yoki bir oyog‘i yo‘q odamlar qarshingizda jovdirab turadi. Qishning qahratonlarida, yozning saratonlarida ularni ko‘rib rahmingiz keladi. To‘g‘ri, mamlakatimizda “Muruvvat” uylarida himoyaga, yordamga muhtoj yolg‘izlarning ko‘pchiligi joylashtirilgan. Jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarga barcha qulayliklarga ega bo‘lgan boshpana, turmush sharoitlarini yaxshilashlari uchun yordamlar, uy-ro‘zg‘or va ish anjomlarining berilishi uzoq yillar o‘zlarini jamiyatdan ajralib qolgandek his qilib yashayotgan zamondoshlarimizning xonadoniga, ko‘ngliga yorug‘lik olib kirganligini bugun tan olish kerak. Lekin e’tiborimizdan chetda qolganlar ham borligini unutmaylik.
Demak, mahallalarda o‘zgalar mehriga, yordamiga muhtoj yolg‘iz qariyalarni aniqlash va ularning qarovsiz qolmaslik choralarini ko‘rish zarur. Yurtimizda insonlarni rozi qilish, ularning o‘z hayotlaridan minnatdor bo‘lib yashashlarini ta’minlash uchun Prezidentimiz juda katta e’tibor va alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotganligiga barchamiz guvohmiz. “Oila” markazlari, ichki ishlar idoralari bilan mahallalar, nuroniylar tashkilotlari hamkorligida bu muammoga yechim topilsa yaxshi bo‘lardi. Chunki qonunlarimizda bularning barchasi o‘z aksini topgan.
To‘g‘ri, mehr sotilmaydi. Hech bir davlatda, hech bir jamiyatda mehrning va qadrning bozori yo‘q. Mehrni yuraklarga o‘zimiz ekib, o‘zimiz ko‘kartiraylik. Qondan-qonga o‘tgan Ota mehri, jondan-jonga o‘tgan Ona mehri bizga ajdodlarimizdan qolgan qutlug‘ meros-ku. Shunday ulug‘ boylikni nahotki yo‘qotayotgan bo‘lsak?
Har bir ishimizni vijdon ko‘zgusiga solib, har bir qilmishimizni vijdon tarozusida o‘lchasak nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. Shunda tilimizda, dilimizda “Mehr va qadrning bozori bormi?” degan savol takrorlanmasdi...
Marusa HOSILOVA,
jurnalist.