Yigirma yil avval boshlangan nuqtadaman

– Falonchayev siz bo‘lasizmi? Menga maslahatingiz kerak!

Bu  — ko‘rinishi o‘lguday ozg‘in, o‘zi tuzukroq muomalani ham bilmagan, sohaga endi yaqinlashayotgan yigitchaning kira solib mashhur jurnalistga talab qo‘yishi albatta, g‘alati. Universitetni bitirganimda shunaqa “g‘alati bola” edim.

Boyagi Falonchayevga keladigan bo‘lsak, kutilmaganda xonasiga bostirib kirganim bilan aslida uni yillar davomida o‘qib kelganman. Universitet kutubxonasida gazetalar ham saqlanar, aynan o‘sha odamning maqolalarini topib, o‘qib maza qilardim. Surishtiruvlarni boplardi, o‘tkir muammolarni shunchaki yozmasdan, albatta, yechim ham taklif qilardi. Xullas, men havas qilgan odam edi. Ammo u bilan uchrashuvimiz meni gandiraklatib qo‘ydi. Necha yillik havas havoga uchdi-ketdi. Gaplari umuman menga yoqmadi:

– Senga haqqoniy maslahat  beraman, amal qilasanmi? O‘tir bo‘lmasa! Ko‘zingda olov bor ekan, sohada u-bu narsaga erishasan, ammo hayotda emas. Chin dildan maslahatim shuki, aqling borida yig‘ishtir havasingni.

O‘rnidan turib, sigaret yoqdi, xonada yurib davom etdi.

– Bu yerda hammaning dardi sening darding bo‘ladi, sening darding esa faqat o‘zingniki. Qisqasi, sohadan uzoq yur, hozirgi shashting bilan boshqa sohada barcha niyatingga yetasan. Xullas, yaxshi soha emas bu. Shu maslahatim.

Bu gapdan keyin boyagi mashhur jurnalistga bo‘lgan hurmatim yo‘qoldi. Uning “Men surishtiruvlar qilmay qo‘yganman, ana, yoshlarga o‘tkazib yuboraman kimdir dardini aytib kelsa” degan gapidan keyin biroz nafrat ham uyg‘onganday bo‘ldi. Hatto uning ko‘rinishi ham beso‘naqay ekaniga keyin e’tibor berdim. Men negadir ko‘rishgunimga qadar u odamning nigohi otni yiqitadigan, ulug‘vor va salobatli, jismonan baquvvat, qarashlari qirg‘iynikidek bo‘lsa kerak deb o‘ylardim. Qayda, lapanglagan yurish, yog‘ bosgan gavda, katta qorin, kamiga esnab ham qo‘yarkan orada.

Ko‘nglim qoldi mashhur jurnalistdan. Bu o‘sha odam bilan birinchi va oxirgi uchrashuv edi, baribir sohaga kirdim. Qanchadir yil o‘tib aynan jurnalistik surishtiruvlarni boshladim. Bemalol ayta olaman, sohada o‘sha uchrashuvda aytilmagan lazzat bor ekan! Har bir muammoni ildizi bilan o‘rganib chiqib e’lon qilarkansiz, yelkangizdan tog‘ ag‘dariladi. Kimningdir muammosi hal bo‘lsa, undagi quvonch sizga ham o‘tadi. Joyi kelganida butun qishloq, mahalla ahli duo qilgan vaqtlar bo‘ldi. Buning mazasini olgach, qayerda nimadir muhim masala ro‘y bersa, eshitgan zahoti, hatto yarim kechasi ham yo‘lga chiqadigan bo‘lib qoldik. Har qadamda jamiyatga foydangiz tegayotganini his qilasiz. Siz ko‘targan katta-kichik muammo yechim topganida o‘zingizni osmonlarda ko‘rasiz. Darvoqe, birovga muttaham bo‘lmay, harom luqmadan uzoq yurib ham shirin hayot kechirish mumkinligini, mehnatga yarasha halol rag‘batni O‘zi berishini ham shu sohada ko‘rdim. 

Hayot bir tekis emas, taqdir bu o‘rtada bir necha marta og‘ir sinovlar berdi. Aynan kasbim, faoliyatim ortidan kelib chiqqan mojarolarga ham yuzlashdim. Ularning yechimini kutib, kunlar oylarga ulanarkan, bir narsani tushunib qoldim: “Hammaning dardi meniki, mening dardim esa faqat o‘zimniki ekan”.

Bu o‘rtada ishni tashlab 4-5 oy shunchaki uyda yotdim. Qo‘lim hech ishga bormadi. Ishlagan kezlarim telefon raqamim tarqalib ketgan emasmi, kunida bir necha kishi qo‘ng‘iroq qilib dardini aytadi. Yordam berolmasligingizni aytasiz va muammodan kuyib-yonib turgan odamdan “nasibangizni“ olasiz: “O‘zimam o‘ylovdim, mard jurnalist qolmagan deb”, “haqiqat yo‘q”, “Siz ham qo‘rqdingizmi yoritishga?”.

Har qanday qo‘ng‘iroqqa javob ko‘tarishga bezib qolasiz.

Nihoyat, yana ishga chiqdim, ammo surishtiruvlarga ham, hatto muammolarni eshitishga ham endi toqat qilolmay qolibman. Yosh qirqdan o‘tganida shunday bo‘ladimi yoki so‘nggi oylarda paydo bo‘lgan ortiqcha vazn ta’siridami – yurak bezovta qiladigan bo‘lib qolibdi. Shu sabab og‘riqli muammo bilan kimdir kelsa, yoshlarga yo‘naltiradigan bo‘lib qoldim. Faqat qisqa xabar va yangiliklar qoralashga odatlandim.

Bu o‘rtada o‘g‘lim jurnalist bo‘lishini aytib qoldi, qattiq koyib berdim...

Shunday kunlarning birida ishlayotgan xonamning eshigi taqilladi. Ust-boshi biroz uniqqan, o‘zi o‘lguday ozg‘in, ammo ko‘zlarida olov porlagan bir yosh yigitcha kira solib, dadil gap boshladi:

– Falonchayev siz bo‘lasizmi? Menga maslahatingiz kerak!

Anvar MUSTAFOQULOV.