Yigitga qirq hunar oz, lekin bittasini uddalamayotganlar ham ko‘p

G‘arb kasaba uyushmasi statistikasiga ko‘ra, o‘rtacha yangi ochilgan bizneslarning 20 foizi boshlang‘ich 2 yilda, 45 foizi esa 5 yilda kasodga uchrar ekan. Bunga sabab kompaniya moliyaviy ko‘rsatkichlarini aniq bilmaslik, xarajatlarni to‘g‘ri tahlil qilmaslik va korxonada biznes jarayonlar yo‘lga qo‘yilmaganligi keltiriladi.
Xo‘sh, bizda-chi?
Zamonamiz iqtisodchilarining fikricha, g‘oyani amalga oshirish orqali oddiy tadbirkorning yetuk bo‘lib ketishi, g‘oya muallifini katta mablag‘ga ega bo‘lishi ko‘p jihatdan omad, bilim va muvaffaqiyatga bog‘liq. Lekin boshqaning biznesiga havas qilib ish boshlash ko‘p hollarda muvaffaqiyatsizlikka uchraydi.
Bir necha yil oldin yaqin tanishim biznes qilish va tadbirkorlikka kirish davri ekanligini aytib qoldi.
- Hozirgi zamonda pul topishning eng yaxshi yo‘li tadbirkor bo‘lishdir, - dedi u. - Chetdan uskuna olib kelib, ishni yo‘lga qo‘yasan, mahsulot chiqarib, bozorga sotasan, qarabsanki, hech qancha vaqt o‘tmasdan ishlaring besh-da. Davlat qonun bilan ham, mablag‘ borasida ham tadbirkorni qo‘llab turibdi, hozir tavakkal qiladigan payt.
Haqiqatan ham biznes tavakkalchilikni yoqtiradi. Tanishimda ham tavakkalchilik fe’li bor, lekin faqat qat’iyat yo‘q. U uskuna uchun bankdan kredit oldi, yetmaganiga oshna-og‘aynilaridan qarz ko‘tardi. Ishlab chiqarish uchun joy topdi. Lekin talabni o‘rganmasdan, o‘zi bozorgir hisoblagan mahsulot ishlab chiqarishni boshladi.
Biroz muddat ishlagach, bozorda uning mahsulotlariga talab bo‘lmadi. Yirik tadbirkorlar ham ilk mag‘lubiyatda to‘xtab qolishmagan, deya yana boshqa ish boshladi. Keyingi biznesda ham shu hol takrorlandi. Tuppa-tuzuk ishini eplolmadi, fermer bo‘ldi, keyin mashina olib sotdi, maklerlik, vositachilik, dehqonchilik, chorvachilik kabi bir nechta ish bilan vaqt o‘tkazdi.
Yaqinda o‘sha tanishimni uchratib qoldim. Bank krediti evaziga ancha mulklaridan ayrilibdi. Shunda ham kamchiliklaridan xulosa chiqarmagan.
- Hozir qurilish sohasida katta pul bor. Chuqur o‘yladim, avvaliga beton ustun (stolba) ishlab chiqaraman, yasash oson, kamxarj, ammo xaridori ko‘p, puli yaxshi, - deydi. – Keyin biroz ishlagach qurilish korxonasi ochib, “ob’yekt” olaman. Ko‘p qavatli uy qursam, mijozlarining o‘zi oldindan to‘lagan pul bilan “ob’yekt”ni bitirib olish mumkin. Ham yaxshi daromad olaman, ham qurilishni bitkazaman.
Uning aytishicha, korxonasida 30 ga yaqin odam mehnat qilgan. Faoliyat turini o‘zgartirganda ham shu ishchilar yordamida ishlagan. Mahsulot ishlab chiqarishda soha mutaxassisini, hech bo‘lmasa, bir nechta ustalarni ham ishga yollamagan. Hozir esa ishchilarning maoshlaridan bir necha oylik qarzdorlik bor.
Ma’lumotlarga qaraganda, bir kishining ish bilan bandligi 5,5 kishining ehtiyojini ta’minlar ekan. Tanishim aytganidek, korxonasida mehnat qilgan 30 ga yaqin kishi hozirda ishsiz qolganini hisobga olsak, ularning o‘rtacha 160 nafardan ortiq oila a’zosi iste’molga kerakli mahsulotlarni xarid qilolmasdan qoldi deganidir.
Tadbirkor korxona faoliyatini to‘xtatsa, unda mehnat qilayotgan ishchilar yangi ish topishiga yana qancha vaqt sarflaydi? Odamlarda ularga nisbatan ishonchsizlik paydo bo‘lmaydimi? Demak, har bir kishi bildirilgan ishonchni oqlab, uning shartlarini puxta o‘rganishi, talabga yarasha mahsulot taqdim qilishi, buning uchun tanlagan sohasining bilimdoni bo‘lmog‘i, tannarx, daromad, sof foydani bilmog‘i, IT tizimlari yordamida biznes jarayonlarini tartibga solish va samaradorligini oshirishi lozim.
Aslida faqat mahsulot ishlab chiqargan yoki sotgan emas, o‘z oilasini uddalagan, eplagan odam tadbirkor. Yo‘qdan bor qiluvchi, ishning “ko‘zi”ni biluvchi odamni tadbirkor deymiz. Afsuski, keyingi paytlarda bitta ishni qoyillatib qo‘ymasdan, boshqalarga havasmand bo‘lib, bir ishni uddalay olmayotganlar ko‘payib ketdi. Bu holat bizga saboq bo‘lishi kerak.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.