Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yil boshidan beri 4,4 mlrd so‘mlik sifatsiz yoki qalbaki dorilar olib qo‘yildi

O‘zbekistonda 2022 yilning o‘tgan davrida dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan tashqarida realizatsiya qilish, sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini muomalaga kiritish bo‘yicha 82 ta huquqbuzarlik aniqlanib, natijasiga ko‘ra 56 ta jinoiy hamda 26 ta ma’muriy ishlar qo‘zg‘atilgan.

Qayd etilishicha, huquqbuzarlar tomonidan muomalaga kiritilishi mo‘ljallangan 4,4 milliard so‘mlik sifatsiz va qalbaki dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

Shuningdek, inson ruhiyatiga kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari yoki psixotrop moddalarni tayyorlash, saqlash va o‘tkazish bilan bog‘liq 52 ta jinoyat aniqlanib, 272 million so‘mlik ushbu turdagi preparatlarning noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olingan.

Bu borada Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan profilaktika va tezkor-qidiruv tadbirlari izchillik bilan davom ettirilmoqda.