Yil boshidan buyon 700 holatda reklama qonunchiligi buzilishi aniqlandi

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Samarqand viloyati hududiy boshkarmasi tomonidan jamoatchilik vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Muloqotda hududiy boshqarmaning 2024 yil va joriy yil birinchi choragidagi faoliyati haqida ma’lumot berilib, jamoatchilik vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlarini qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Boboxon Toyirovning ma’lum qilishicha, o‘tgan yil boshqarmaga jismoniy va yuridik shaxslardan 3 mingdan ortiq hamda joriy yil birinchi choragida 3 mingga yakin murojaat kelib tushgan.
– Murojaatlar va o‘rganishlar natijasida 2024 yilda 18,5 milliard so‘m hamda 2025 yil uch oyida 3,5 milliard so‘mdan ortiq pul mablag‘lari iste’molchilar va tadbirkorlik sub’yektlari foydasiga qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi, – dedi B.Toyirov. – Misol uchun, shu yil yanvar-aprel oylarida “Toza hudud” davlat unitar korxonasida o‘tkazilgan xatlov natijasida 40 ming nafarga yaqin iste’molchi foydasiga 3 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ qayta hisob-kitob kilib berildi. Shuningdek, boshqaruv servis kompaniyalari va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun hisoblangan 500 million so‘mdan ortiq mablag‘ 7 ming nafarga yaqin iste’molchi hisobidan o‘chirilib, noreal qarzdorlik bartaraf etildi.
“Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilganligi yuzasidan 2024 yilda 150 dan ortiq hamda joriy yil boshidan buyon 25 holatda ishlar qo‘zg‘atilib, davlat boshqaruvi organlariga taqdimnomalar kiritilgan.
Ochiq muloqotda o‘tgan yil davlat va korporativ buyurtmachilar tomonidan o‘tkazilgan tanlov (tender) savdolari tahlil qilinganda raqobatga zid 1700 ta harakatlar aniqlangani ta’kidlandi. Natijada 245 holat yuzasidan chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga hujjatlar taqdim etilgan, qolgan holatlar bo‘yicha hududiy boshqarma tomonidan ish qo‘zg‘atilgan.
Xuddi shunday joriy yilda 416 ta savdolar jarayonida raqobatga zid 416 holat aniqlanib, 68 holat bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ma’lumotnomalar taqdim etilgan.
Tabiiy monopoliyalar tomonidan asossiz haq undirish va tadbirkorlar hamda iste’molchilarning kamsitilishi yuzasidan 94 ta, ustun mavqeini suiiste’mol qilishga doir 2 ta va insofsiz raqobatga yo‘l qo‘yilishi bo‘yicha 5 ta holat aniqlanib, tegishli choralar ko‘rildi.
Tashqi reklama ob’yektlarida reklama qonunchiligi yuzasidan o‘tkazilgan monitoringlarda o‘tgan yil 3800 dan ortiq, joriy yil boshidan buyon esa 700 ga yaqin kamchilik aniqlanib, joyida bartaraf etilgan.
Ochiq muloqot davomida tadbirkorlar, jamoatchilik vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga qo‘mita va hududiy boshqarma mas’ullari tomonidan javoblar berildi.