Yil yakunigacha Samarqandda 5 trillion 340 million so‘mlik loyihalar ishga tushiriladi

Hududiy dasturlar doirasida 2020 yilning yanvar-avgust oylarida viloyatda qiymati 1 588,3 milliard so‘mlik 441 ta loyiha amalga oshirildi va 3881 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Jumladan, sanoatda 817,7 milliard so‘mlik 109 ta, xizmat ko‘rsatish va servis sohasida 217,1 milliard so‘mlik 115 ta va qishloq xo‘jaligida 553,5 milliard so‘mlik 217 ta loyiha ishga tushirildi. Mazkur loyihalar natijasida yiliga 69 milliard so‘mdan ortiq qo‘shimcha byudjet tushumlari va 10 million dollarlik mahsulotni eksport qilish imkoniyati yaratiladi.

Hududiy dasturlar doirasida Past Darg‘om tumanidagi “Samarqand Kamalak Invest Tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatida yiliga 5,5 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona tashkil etildi. Qiymati 148 milliard so‘mlik mazkur loyiha doirasida 320 ta ish o‘rni yaratildi.

Nurobod tumanida "Mirankul Construction Materials LTD" mas’uliyati cheklangan jamiyatida qiymati 35,6 milliard so‘mlik qurilish materiallari va oval shaklidagi usti yopiq omborxonalar va stadionlar, ishlab chiqarish sexlari loyihasi ishga tushishi bilan 30 dan ortiq fuqaroning bandligi ta’minlandi.

Urgut tumanida "Osiyo shoes" mas’uliyati cheklangan jamiyatida 12 milliard so‘mlik mablag‘ evaziga yillik quvvati 1,5 ming juft poyabzal ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Samarqand shahrida "Sam Fiorenta" mas’uliyati cheklangan jamiyati 11,9 milliard so‘m mablag‘ hisobidan gaz plitalari ishlab chiqarishni boshladi. 

Ushbu loyihalar natijasida 5 ta yangi turdagi mahsulot ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, gaz plitalari, MDF eshiklar va mebellar, poyabzal, polietilen suv quvurlari, cheripitsa ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi. Yil yakunigacha 5 trillion 340 million so‘mlik 1099 ta loyiha amalga oshirilib, 11 ming 371 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi axborot xizmati.