Yilning eng yaxshi tadbirkorlari e’tirof etildi

Urgut tumanida “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining 2021 yildagi faoliyati sarhisobi hamda kelgusi besh yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar muhokama etildi.
Unda iqtisodiy zona ishtirokchilari, Markaziy bank Samarqand viloyati bosh boshqarmasi va tijorat banklari rahbarlari, mutasaddi tashkilotlar vakillari qatnashdi.
Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosari – “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi direktori Jamshid Haydarov davlatimiz rahbarining 2017 yil 12 yanvardagi farmoniga asosan tashkil etilgan zona bugungi kunda viloyat iqtisodiyotida o‘z munosib o‘rniga ega bo‘lganini ta’kidladi. Ayni paytda bu yerda umumiy qiymati 602,2 million AQSh dollari miqdoridagi 96 ta loyihani amalga oshirish bo‘yicha ish olib borilmoqda.
Shu paytgacha 286,3 million dollarlik 60 ta, jumladan, shu yilning o‘zida 11 loyiha ishga tushirilib, 4700 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Mazkur korxonalar tomonidan 2021 yilning o‘n bir oyida 2 trillion 20 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 57 million AQSh dollari miqdorida eksport amalga oshirildi. Hozirda yana 36 loyiha bo‘yicha qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda.
– Davlatimiz rahbari shu yilning aprel oyida Samarqandga tashrifi chog‘ida “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi faoliyati bilan ham tanishib, faoliyatimizni yanada kengaytirish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muhim vazifalarni belgilab bergan edi, – deydi J.Haydarov. – Bu ham zona ishtirokchilari bo‘lgan korxonalar faoliyatida juda katta ijobiy natija berdi. 2021 yil 4 noyabr kuni esa Prezidentimizning “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, viloyatimizning 14 ta tuman (shahari)da 18 ta massivda 559,8 gektar va Surxondaryo viloyatining Denov tumanidan 21 gektar yer maydoni ajratib berilib, iqtisodiy zonaning umumiy yer maydoni 1842 gektarga yetdi. Yana ko‘plab yangi loyihalarni amalga oshirish rejalashtirildi.
Tadbirda kelgusi besh yil uchun rejalashtirilgan loyihalarni amalga oshirish yuzasidan tashabbuskorlar va mutasaddilar o‘zaro fikr almashdi.
Uchrashuv doirasida “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida yangi ish o‘rinlari yaratish, innovatsiyalarni keng joriy etish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, eksportni kengaytirish, xalqimizni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida boshqalarga namuna bo‘layotgan o‘ttizdan ortiq biznes vakillari yilning eng faollari sifatida direksiya tomonidan rag‘batlantirildi.
Jumladan, “KAMALAK TEKSTIL” MChJ ijrochi direktori T.Haydarov “Eng faol tadbirkor”, “SAM VIRA COLUR” qo‘shma korxonasining xorijlik investori Mehmed Nuri Savman “Eng faol xorijiy investor”, “AZIA METAL PROF” qo‘shma korxonasi (Damir Bahronov) “Eng faol eksportchi”, “SAM ELEKTRO SERVIS” MChJ ta’sischisi Sohibjon Azimov “Eng saxovatli tadbirkor” nominatsiyasida e’tirof etildi.