Yo‘l ocherki: Samarqanddan Xorazmgacha

"Zarafshon" va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari xodimlari uchun shunday imkoniyat berildi-yu, qadim Xorazm sari yo‘l oldik. Oldindan aytib qo‘yish lozim – jamoamiz mamlakatimizdagi shaharlarga sayohat uyushtirib beruvchi sayyohlik firma xizmatidan foydalandi. Shuning uchun bunda faqat yo‘l taassurotlari emas, sayyohlik firmasining faoliyatiga doir fikrlarni ham bayon etmoqchimiz.
MA’LUM VA NOMA’LUM MANZILLAR
Tonggi to‘rtlarda yo‘lga chiqdik. Bir tarafi atrof qorong‘u bo‘lgani uchun Samarqand viloyatidan chiqqunimizga qadar yo‘ldagi dalalaru u yoki bu inshootlar e’tiborimizni tortmadi. Narpay, Paxtachi tumanidagi yo‘l yoqalarida, odamlarning tomorqalarida issiqxonalar kecha paydo bo‘lgani yo‘q. Bu hudud kishilari anchadan beri tomorqa imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda, xususan, tabiiy yo‘l bilan isitiladigan issiqxonada ekin yetishtirib, ro‘zg‘orini tebratayotgani haqida ko‘p maqola tayyorlaganimiz tufayli ularning bunday ishlari davom etayotganidan xursand bo‘ldik. "Navoiy viloyatiga xush kelibsiz!" yozuvi avtobusda o‘tirganlarni sergak torttirdi. Navoiy viloyatida ham bahor nafasi sezilib turar, yo‘llarning sozligi, belgilar, shu ko‘chalarga yarashgan bekatlar kishi kayfiyatini ko‘taradi. Yo‘l bo‘yidagi mevali, manzarali daraxtlarga shakl berilgan. Navoiy shahriga xos tartiblilik katta trassada ham yaqqol namoyon bo‘lgan. To‘g‘ri, Karmana tumanidan o‘tuvchi shaharlararo trassaning biroz torligini aytmasa, yo‘ldagi obodlik, ziyoratgoh majmualariga borish uchun yo‘l ko‘rsatkichlarning mavjudligi, hatto shu yo‘ldan o‘tuvchilar uchun sanitariya talablariga javob beruvchi hojatxonalarning qurilgani mutasaddilarning e’tiborli ekanligiga ishora.
Buxoroga kirib kelishimiz bilan yo‘llardagi notekisliklar darhol o‘zini bildirib qo‘ydi. Ammo Abduxoliq Fijduvoniy majmuasi atrofidagi bog‘da gullab turgan daraxtlar bu kemtiklarni darhol unuttirdi. O‘rikzorning qiyg‘os gullari shunchalik chiroyli manzara ediki, bu qadim diyorga kirib kelishimizdanoq Buxoro qantak o‘riklari bilan mashhurligini darhol his qildik.
Yo‘ldagi notekisliklar bilan birga, bekatlarning yo‘qligi, uy-joylarning tartibsiz joylashgani kishi ta’bini xira qiladi. Katta dalalarda ko‘lmak suvlar bejizga paydo bo‘lmaganini keyinroq angladik. Buxorolik dehqonlar ekin-tikin boshlash uchun yerning sho‘rini yuvar ekan. Ba’zi hududlarda hatto yerning sho‘rxokligidan uzoqdan o‘rik gullari bilan uyg‘unlashib, hududlar qor qoplaganday tasavvur uyg‘otardi. Buxoro tumanida aholi bilan gaplashdik. Aytishlaricha, dehqonlar, albatta, yerni yuvishi, shundan so‘nggina ekin qilishi mumkin ekan. Bunday qiyinchilik bilan ekin yetishtirayotgan mirishkorlarga tasanno aytgan holda Samarqanddagi tayyor tomorqasidan unumli foydalanmayotgan ba’zi xonadonlar haqida o‘yladik. Buxoroning Vobkent, Romitan tumanlaridan o‘tdik. Adog‘i ko‘rinmaydigan Qizilqum kengliklari hali ancha davom etishini yo‘l-yo‘lakay anglab bordik.
Manzilimiz anig‘u, ammo ilk bor avtobusda Xorazmga yo‘l olganlar ham oramizda talaygina edi. Yo‘l charchog‘i kishini toliqtirib qo‘ydi. Ko‘zimiz ilindi.
SAYYoHLIKMI Yo SAYoQ FIRMAMI?
Ko‘pchilik qatori men ham avtobusda uzoq Xorazm sayohatiga ilk bor chiqishim edi. Yo‘lga shunchaki, ulov gaplashib chiqmagandik. Sayyohlik firmasi orqali borganimiz tufayli yo‘l-yo‘lakay boshqa viloyatlar, u yerning tabiatiyu dehqonchiligi, odamlarning yashash tarzi haqida ma’lumotlarga ega bo‘lamiz, degan niyatda edik. Afsus, chuchvarani xom sanagan ekanmiz. Yo‘ldagi manzillarni tanishtirib borish u yoqda tursin, oddiy ehtiyojlar ham rejalashtirilmagani kishi ta’bini xira qiladi. Tasavvur qiling, Samarqanddan Xorazm sari avtobusda qariyb 12 soatlik yo‘l. Orada haydovchilar avtobusdagi ayrim nosozlikni bartaraf etishga vaqt sarfladi. Odamlarni sayohatga olib chiqishga o‘rgangan firma bularning barini hisobga olishi kerak. Ya’ni, qaysi manzilda yo‘lovchilarni ovqatlantirishdan tortib, hojat uchun qaysi hududda imkoniyat borligini ham chamalashi zarur. Shundaymi? Afsuski, yo‘lovchilardan ikki-uch marta murojaat bo‘lgandan so‘nggina xodim zarda bilan avtobusni bir choyxona yaqinida to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Ovqatlanish uchun baribir Xorazmga yetib olishimiz, o‘sha yerda tanovul uchun joy ajratilgani ma’lum bo‘ldi. Sahar to‘rtda yo‘lga chiqish uchun ko‘pchilik tungi soat 2 dan beri bedor. To‘g‘ri, kichikroq tamaddi uchun hamma o‘z g‘amini ko‘rib kelgan. Ammo… Sayyohlik firmasi xodimi go‘yo yosh bolani aldaganday "Ana, kam qoldi, mana yaqinlashay deb qoldik", – deya soatni ham kunduzgi ikki qildi (Bu kabi kamchiliklar hali ichki turizmni rivojlantirish uchun amalga oshirilayotgan ishlar yetarli emasligini, sayyohlik firmalari mamlakatimiz aholisini sayyoh sifatida qabul qilmayotganini ko‘rsatib turardi).
Va nihoyat uzoq kutilgan soatlar yaqinlashdi. Kunduzgi soat uchdan o‘tib, qadim Xorazm yurtiga kirib keldik. Belgilangan oshxonaga kirishimizda tamaddixona xodimlaridan biri yo‘lakda har bir mehmonning qo‘liga chiroyli oftobada mulozamat ila suv quyib turishi Xorazm xalqi haqida ilk yorqin tasavvur uyg‘otdi. Yo‘ldagi qiyinchiliklar unutildi.
OSTONADAYoQ MEHMONDO‘STLIK KO‘RINDI
Urganch sayohati Chingizxon lashkarlariga qaqshatqich zarba bergan, mard va dovyurak o‘tmishdoshimiz Jaloliddin Manguberdi haykali va xiyobonini aylanishdan boshlandi. Sayohatchilarga endi biz kutgan sayyohlik firmasining yo‘lboshlovchilari hamrohlik qilib, voha tarixi haqida tushuncha bera boshladilar. Bu yerda ham, Yoshlar ko‘li atrofini aylanganimizda ham odamlarning o‘zidan kattalarga, albatta, salom berishi e’tiborimizni tortdi. Mehmonlarga hurmat bilan qarashlari shundoq sezilib turardi. Qolaversa, yirik do‘konlar, mehmonxonalarning o‘tmishdagi buyuk insonlar nomi bilan yoki tarixiy, ammo o‘zbekcha atalishi, odamlarining o‘z tarixi, odat-an’analari haqida to‘lqinlanib gapirishi ularning nechog‘lik vatanparvarligi, o‘zligiga sodiqligini ko‘rsatib turardi.
OSMON OSTIDAGI MUZEY-ShAHAR
Muzey-shahar degan nomni olgan, shu yerning o‘zida aholi ham istiqomat qiladigan afsonaviy Xivaga ham yetib keldik. Gidlarning aytishlariga qaraganda, Xiva dunyo miqyosidagi ochiq osmon ostida tarixiy holida saqlanib qolgan kamdan-kam sanoqli shaharlardan sanaladi. Shaharning markazi, me’morchilik muzeyiga aylangan Ichan-qal’adagi yodgorliklarda xalq ustalarining eng go‘zal asarlari namoyon bo‘lgan. 26 gektar hududni egallagan Ichan-qal’ada turli yillarda qurilgan oltmishga yaqin masjid, xonaqo, madrasa, minora va boshqa inshootlar mavjud.
Ichan-qal’ani aylanar ekanmiz, o‘tmishga tushib qolganday, go‘yo o‘tgan asrlar bilan yuzlashganday bo‘ldik. Turli yillarda turli vazifalarni bajargan minoralar, 213 ta naqshinkor ustunli, Arabiston masjidlariga qiyos etiladigan juma masjidi, Pahlavon Mahmud maqbarasi, Muhammad Aminxon madrasasi – barcha inshootlar bir-biriga uyg‘un tarzda qurilgan.
Jamoamiz Navro‘z arafasida berilgan dam olish kunlarida sayohatga chiqqandi. Ichan-qal’a bunday niyat qilgan qashqadaryolik, vodiylik, Surxondaryo, Toshkent, Buxoro, Navoiy, xullas, yurtimizning qariyb barcha go‘shalaridan kelgan sayyohlar bilan gavjum edi. Hunarmandlar rastalarida sotilayotgan buyumlarning ham bozori chaqqon. Sotuvchilar esa barchaga "meyman, apka, yoshulli" deya mulozamat ko‘rsatadi.
Bayram munosabati bilan Xivada o‘tkazilgan Navro‘z tantanalarida ham ishtirok etdik. U yerda bayram ishtirokchilari vohaning milliy taomlari sifatida namoyish etilgan shivit oshi, tuxumbarak, ko‘kbarakdan tatib ko‘rishimizni qayta-qayta so‘rashdi. Iltimosimizga ko‘ra, shu yerning o‘zida to‘y-marosimlar bilan bog‘liq "Quda galdi" marosimini namoyish etib berishdi.
Xivada uy-mehmonxonalarning anchagina mashhur ekanini bildik. Haqiqatan ham Ichan-qal’aning o‘zida shunday turargohlar mavjud bo‘lib, u yerda mehmonxona tomining ustida o‘tirib, dam olish imkoniyati yaratilgani, ayniqsa, xorijlik sayyohlar uchun manzur kelayotir. Xivani aylanish uchun bir kun yetmasligini shu yerliklar bot-bot takrorlashdi. Uni qog‘ozda tasvirlash uchun esa ketadigan sahifalar qanchalik ekanini tasavvur qilish qiyin emas.
Xorazm sayohati har birimizda o‘zgacha taassurot qoldirdi. Kimdir xushta’mi bilan mashhur Xorazm baliqlari haqida gapirsa, kimnidir u yerdagi mo‘ynali bosh kiyimlar rang-barangligi lol qoldirdi. Sayyohlik shahrining oshxonalarida mehmonlarga xizmat ko‘rsatish a’lo darajada emasligidan afsuslanganlar, odamlarining xushmuomalasidan xursand bo‘lganlar ham bor. Ammo o‘tmishga tushib qolgandek mo‘’jizaviy bir sinoatni baxsh etayotgan Ichan-qal’adan ta’sirlanmagan, uning qarshisida bobolar ruhiga chin dildan ta’zim qilmagan odam qolmadi. Xiva – o‘z-o‘zidan shu holicha saqlanib qolingan makon emas, xorazmliklarning vatanparvarligi, o‘z an’analariga sodiqligi tufayli asrlardan asrlarga bus-butun o‘tib kelayotgan g‘ayratli, tanti insonlar yurti ekanligiga amin bo‘ldik.
Gulruh MO‘MINOVA,
"Zarafshon" muxbiri.
Samarqand – Xorazm –
Samarqand.