Yog‘ingarchilikning ekinlarga ta’siri qanday?

Bu yil bahorgi yog‘ingarchilik ancha ko‘p bo‘ldi. Tabiiy ofatlar, kutilmagan toshqinlar ham kuzatildi. Xo‘sh, seryog‘in bahorning kutilgan va kutilmagan tashvishlari qanday bo‘ldi? Bu borada soha mas’ullarining fikrlari bilan qiziqdik.

Suv zaxiramiz 26,5 million kubga ko‘paydi

Farhod Rajabov, Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i:

- Har yili ayni mart-may oylarida viloyatimizning asosiy suv ta’minoti bo‘lgan Zarafshon daryosining suv sarfi kamayishi kuzatiladi. Dehqonchilik uchun eng muhim davrda suvning har bir tomchisi zarga teng bo‘ladi. Joriy yil bahor oylarida yog‘ingarchilik ko‘p kuzatildi, natijada ekin maydonlarida suvga bo‘lgan talab birmuncha kamaydi. Yog‘ingarchilik natijasida hosil bo‘lgan sel suvlari viloyatdagi suv xo‘jaligi ob’yektlariga talofat yetkazmadi, sel suvlari suv omborlariga yo‘naltirildi.

Viloyatimizda jami 9 ta suv ombori bor, shundan 7 ta suv ombori buloqlar va yomg‘ir suvlaridan hosil bo‘luvchi suv omborlari hisoblanadi. Yog‘ingarchilik ko‘p kuzatilishi natijasida viloyatdagi kichik sel suv omborlariga 1 may holatida 65,7 million metr kub hajmda suv zaxira qilindi. Bu 2021 yilga nisbatan 26,5 million metr kubga ko‘p.

Shuningdek, Zarafshon daryosi suvi hisobiga “Kattaqo‘rg‘on” va “Oqdaryo” suv omborlarida zaxira yaratilmoqda. Biroq suv omborlarida to‘plangan zaxira suvlari, daryodan kelayotgan suv sarfi o‘rtacha ko‘p yillik suv sarfiga nisbatan kam, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Keyingi yillarda respublikamizda suv tanqisligi kuzatilmoqda. Bunday vaziyatda suvning har bir tomchisidan unumli foydalanish lozim.

Joriy yilning 10 mart kuni Vazirlar Mahkamasining “2022 yilda kutilayotgan suv tanqisligi sharoitida qishloq xo‘jaligi ekinlarini suv bilan ishonchli ta’minlashga qaratilgan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qaror bilan suv olish limitlari, nasos stansiyalari uchun elektr energiyasi miqdorlari, shuningdek, suv tanqisligini yumshatish bo‘yicha amalga oshiriladigan irrigatsiya tizimlari va ulardagi gidrotexnik inshootlarni, nasos agregatlari va sug‘orish quduqlarini ta’mirlash-tiklash va qurish ishlarining rejasi belgilab berildi.

Suv tanqisligini yumshatish, suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha eng to‘g‘ri yo‘l va bugungi kun talabi bu – qishloq xo‘jalik ekinlarini sug‘orishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hisoblanadi.

2022 yilga qadar viloyatimizda jami 77 ming 950 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan. Shundan 49 ming 875 gektar maydonda tomchilatib, 1131 gektarda yomg‘irlatib va 26 ming 944 gektarda boshqa turdagi texnologiyalar ishga tushirilgan.

Joriy yilda 21 ming 328 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish rejalashtirilgan va bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda. Misol uchun, Jomboy tumanida 950 gektar tomchilatib, 203 gektar yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari joriy qilish rejalashtirilgan. Bugungi kunda 530 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish uskunalarini o‘rnatish bo‘yicha ishlar bajarilmoqda, 

53 gektar maydonda yomg‘irlatib sug‘orish uskunalari o‘rnatilmoqda.

Yog‘ingarchilikka qarshi choralar ko‘rilgan

Baxtigul G‘aniyeva, viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi axborot xizmati rahbari:

- Bu yil yanvar-fevral oylari nisbatan iliq kelib, mart-aprel oylarida kutilgandan ortiq yog‘ingarchilik kuzatildi. Bunday holat o‘simliklarga ham ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. Shu bois, boshqarmamiz mutaxassislari tomonidan zang va boshqa kasalliklarning oldini olish maqsadida profilaktik kimyoviy kurash choralari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, g‘alla maydonlarida gektariga 200 kilogramdan azotli mineral o‘g‘itlar bilan bahorgi birinchi oziqlantirish ishlari o‘tkazilmoqda. G‘alla maydonlarida o‘sishni boshqaruvchi biostimulyator bilan barg orqali (suspenziya) oziqlantirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Bu yil viloyatda  94 ming 230 gektar g‘alla maydonining 66 ming 900 gektarida zang kasalligi tarqalishi bashorat  qilingan.

Kasallikka qarshi agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida sifatli o‘tkazish, o‘simlikning kasalliklarga chidamliligini oshirish maqsadida naychalash fazasi davrigacha gektariga fosforli o‘g‘itlardan 3 kilogramm, kaliyli o‘g‘itlardan 7,5 kilogramm solinib, ishchi eritma tayyorlab qo‘llash tavsiya etildi.

Yog‘ingarchiliklar qishloq xo‘jaligiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Tohir Duvlanov, viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i:

- O‘zgidrometeorologiya ma’lumotiga ko‘ra, mart, aprel, may oylarida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,8-2 barobar ortiq yog‘ingarchilik kuzatilmoqda.

Yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lsa, ekinlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ham mumkin. Jumladan, fungitsidlar bilan kimyoviy ishlov o‘tkazilmagan g‘allazorlarda zamburug‘li kasalliklar (sariq va qo‘ng‘ir zang, un shudring, septorioz, ildiz chirish) keng tarqalishi kuzatilgan.

Viloyatimizda bugungi kunda g‘allachilikdagi zararning oldini olish maqsadida zang va boshqa kasalliklarga, begona o‘t hamda zararkunanda hasharotlarga qarshi kimyoviy kurashish ishlari, g‘alla maydonlarida to‘liq profilaktik ishlovlar amalga oshirilmoqda.

Chigit ekilgan maydonlarda vaqti-vaqti bilan mayda chopiq va kultivatsiya ishlari amalga oshirib turilsa, g‘o‘za maydonlarida nam saqlanib, bir marta sug‘orishga sarflanadigan suv iqtisod qilinadi.

Yog‘ingarchilikning ko‘p bo‘lishi mevali bog‘ va daraxtlar hamda tokzorlarga ayniqsa, gullash fazasiga kirgan o‘rik, shaftoli, bodom bog‘lari hosildorligiga zarar yetkazmaydi. Faqat changlanish muddatini sekinlashtiradi. Lalmi yerlarda parvarishlanayotgan bog‘larning yer osti suvlari zaxirasi ta’minlanadi.

Shuningdek, o‘simlik barglari kengayishi hisobiga fotosintez jarayoni yaxshilanadi. Bu esa organik moddalar hosil bo‘lishiga va mevali daraxtlar va uzumzorlarda hosildorlik yuqori bo‘lishiga olib keladi.

***

Ma’lumot uchun: joriy yilda viloyat dehqonlari 80383 gektar yerda texnik ekinlar, 94230 gektarda boshoqli don, 2085 gektarda dukkakli va 11123 gektarda moyli ekinlar parvarishlamoqda.   

O‘ktam Xudoyberdiyev tayyorladi.