Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari taqdirlandi

Samarqand viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.

Unda poytaxtimiz va respublikamizning boshqa viloyatlaridan kelgan va samarqandlik ko‘p yillar yo‘l harakati xavfsizligi tizimida mehnat qilib, bugun nafaqa gashtini surayotgan faxriylar va yosh xodimlar ishtirok etdi.

Faxriy xodimlar bugun yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasidagi imkoniyatlarni yuqori baholadi, faoliyatlari bilan bog‘liq qiziqarli voqealarni so‘zlab berdi.

Tadbir yakunida yo‘l harakati xavfsizligi xizmati sohasida faoliyat yuritgan faxriylar va bugungi kunda o‘z xizmat vazifasini vijdonan o‘tayotgan bir guruh xodimlar taqdirlandi. Ularga tashakkurnomalar, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Samarqand viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati.