Samarqand bo‘ylab o‘tkazilgan tungi maxsus reyd tadbirlarida 133 ta huquqbuzarlik aniqlandi

Samarqand shahri hududida tungi vaqtlarda haydovchilar tomonidan qo‘pol qoidabuzarliklar sodir etilishi, yo‘l-transport hodisalari, shahar ko‘chalari bo‘ylab “poyga” o‘yinlari tashkil qilinishining oldini olish, tegishli ruxsatnomasiz avtomashinani qayta jihozlash, oynalarni qoraytirib olish kabi yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq qoidabuzarliklar sodir etilishini aniqlash maqsadida Samarqand viloyati IIB YHXB, viloyat IIB axborot xizmati va Milliy gvardiya hamkorligida 10 ta ishchi guruhlar tuzilib, tungi vaqtlarda har kuni soat 20:00 dan tungi 03:00 ga qadar nazorat va reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Mazkur tashkil etilgan guruhlar tomonidan joriy yilning 20-21 sentyabr kunlari o‘tkazilgan “Avto patrul” maxsus reyd tadbirlari davomida 133 ta ma’muriy huquqbuzarlik holati aniqlandi.

Shulardan:

Haydovchilar tomonidan spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda transport vositasini boshqarish holati 2 ta, 3 ta davlat raqam belgisini o‘zboshimchalik bilan yechib olgan holda transport vositasini boshqarish, 1 ta transport vositasiga ruxsatsiz tovush chiqaruvchi qurilmalar o‘rnatish, 24 ta holatda haydovchilar tomonidan tegishli hujjatlarsiz va sug‘urta polisisiz transport vositasini boshqarish, 2 ta tegishli ruxsatnomasiz transport vositasining old va yon oynalarini qoraytirib olish, 18 ta svetofor ishoralariga amal qilmagan holda transport vositasini boshqarish hamda 83 ta boshqa turdagi qoidabuzarliklarni sodir etilganligi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, o‘tkazilgan tadbirlar davomida 35 ta avtotransport vositalari jarima maydonchasiga qo‘yildi.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan bu kabi tadbirlar viloyat bo‘ylab davom etmoqda.