Ehtiyot bo‘ling - "Bolalar!"
Yangi o‘quv yili boshlandi. Maktab va boshqa ta’lim muassasalari yana o‘quvchi-yoshlar bilan gavjum. Bu yo‘l harakati ishtirokchilarining ham ko‘payganligini, xususan, o‘quv muassasalari oldida xavfsizlikni ta’minlashga talab oshganligini anglatadi. Xo‘sh, ularning xavfsizligi qanday ta’minlanadi?
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘l nazorati bo‘limi bergan ma’lumotga ko‘ra, yangi o‘quv yili oldidan viloyatdagi barcha shahar va tumanlarda joylashgan o‘quv muassasalari atrofidagi avtomobil yo‘llari nazoratdan o‘tkazilgan. Jarayonda eskirgan yotiq yo‘l chiziqlari yangilanib, yo‘l belgilari ta’mirlangan, yaroqsiz holga kelganlari yangilangan. Shuningdek, 4 ta maktab oldida yangi svetofor, 302 ta hududda yangi yo‘l belgilari o‘rnatilib, 372 ta piyodalar o‘tish yo‘laklari tashkil qilingan.
— Xizmat hududimizda 184 ta umumta’lim maktabi joylashgan, - deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasining maxsus ekspluatatsiya-montaj bo‘limi boshlig‘i Ahmad Jo‘rayev. – O‘quv yili boshlanishi arafasida ularga yaqin ko‘chalarda 178 ta yo‘l chiziqlari chizilib, 164 ta yo‘l belgilari o‘rnatildi. “Bolalar”, “Yuqori tezlik cheklangan, 30 km/soat”, “Sun’iy yo‘l notekisligi” kabi ogohlantiruvchi belgilar shular jumlasidan. Shuningdek, maktablar oldida transport vositalari tirbandligining oldini olish, o‘quvchilarning xavfsiz harakatlanishini ta’minlash maqsadida joylarda “To‘xtash taqiqlanadi” belgilari o‘rnatish choralari ham ko‘rilmoqda.
Trassa va serqatnov ko‘chalarning ta’lim muassasalari oldidan o‘tgan tartibga solinmagan qismlarida belgilangan vaqtlarda yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari xizmat olib bormoqda. Lekin bu haydovchilar boshqa hududlarda e’tiborsiz bo‘lishi kerak degani emas. Haydovchi belgilangan tezlik me’yoriga amal qilsa, yo‘l belgilari va chiziqlari talablarini bajarsa, o‘z navbatida ota-onalar farzandlariga yo‘l harakati qoidalarini tushuntirib borsa, turli ko‘ngilsiz holatlarning oldini olgan bo‘lamiz.