Shaharni, hatto tuman markazini ko‘rmagan yoshlar bor
Bu gapni ’’Buyuk yurtning baxtli farzandlari’’ shiori ostida o‘tkazilgan ikki avlod uchrashuvida nurobodlik yigitlardan biri aytdi.
- To‘g‘risi, o‘zim ham Samarqand shahri u yoqda tursin, tuman markaziga bormaganman, - deydi u. - Bugungi uchrashuv bahona Samarqandga, hatto dunyo ahli bir ko‘rishga qiziqib turgan ’’Boqiy shahar’’ majmuasiga sayohat qildik.
Samarqand shahridagi Yoshlar markazi binosida yoshlarning siyosiy bilimlarini oshirish, ularni mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlardan xabardor qilish maqsadida o‘tkazilgan uchrashuvda mudofaa, ichki ishlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar faxriylari, ichki ishlar profilaktik va probatsiya hisobiga olingan yoshlar, o‘quvchi-talabalar va yoshlar yetakchilari ishtirok etdi.
Unda viloyat faxriylar kengashi raisi, podpolkovnik Rashid Sherov, Markaziy harbiy okrug yoshlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i, mayor Abror Toshpo‘latov va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizdagi tinchlik, Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish borasidagi keng ko‘lamli islohotlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Uchrashuvning ikkinchi qismida "Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markaziga qilingan sayohat yoshlarda katta tassurot qoldirdi.
G‘ofirjon BOBOBEKOV.