Yo‘lda ketayotgan avtomashinani to‘xtatib, talonchilik qilgan shaxslar ushlandi

Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida yo‘lda ketayotgan avtomashinani to‘xtatib, talonchilik qilgan shaxslar ushlandi, deya xabar qildi IIV Tergov departamenti matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, 23 iyun kuni soat 23:45 da 22 yoshli S.A. boshqaruvidagi “Nexia” rusumli avtomashinasida «Qo‘qon-Buvayda» avtomobil yo‘li bo‘ylab harakatlanib ketayotgan bo‘lgan. Uchko‘prik tumani Kaltatoy qishlog‘i hududiga yetib kelgan vaqtida noma’lum shaxslar “Nexia-1” rusumli avtomashina bilan uni to‘xtatib, avtomashinasi salonida bo‘lgan 36,7 million so‘m pullarini hamda bahosi 1,6 million so‘mlik “Redmi-7” rusumli uyali aloqa vositasini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilib, hodisa joyidan yashiringan.

Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida mazkur jinoyatni 32 yoshli M.A., 24 yoshli J.J., 21 yoshli J.Yu. va M.U. (ayol) sodir etganligi aniqlanib, J.J. dan “Redmi-7” rusumli uyali aloqa vositasi ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Mazkur holat yuzasidan Uchko‘prik tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi «b,v» bandlari (talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyatni sodir etgan barcha shaxslar gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.