Yo‘ldagi "gurung"

Bekatdaman. Yo‘lovchi mashinalarning to‘xtashiga umidvor bo‘lib, qo‘l ko‘tardim. Oppoq "Lasetti" yonimga sekinlab keldi-da, ruldagi yoshgina yigitcha "Qayerga borasiz", dedi.

Men manzilni aytdim. Yo‘lkira haqini kelishdik. Yigitchaning o‘zini tutishi, mashina salonini did bilan bezatgani tuzukkina oilaning farzandi ekanidan dalolat berib turardi. O‘zimcha e qanday baxtli bolalar-a, mushtdayining ham tagida mashina. Bir paytlar velosiped olib minishgayam kuchimiz yetmasdi, deb o‘yladim. To‘g‘rida, zap zamonlarda yashagan ekanmiz, odamlar yoshi qirq-ellikka yaqinlashay deganda bir amallab mashinali bo‘lardi. Bir mahallada nari borsa, bitta yoki ikkita avtomashinali oila bo‘lardi. Endi-chi, Xudoga ming qatla shukrki, bitta oilada, hatto ikki-uchtadan mashina bor...

Haydovchi yigitning qo‘l telefoni musiqa chalib, xayollarimni to‘zg‘itib yubordi. U telefonni qo‘liga olib, nazar tashlagach, nimalardir deb g‘o‘ldiradi. So‘ng:

- Ha, nima deysiz, - dedi jahl bilan. Birpas u yoqdagi odamning (ayol kishining) gapini tingladi-yu, battar tutoqib ketdi: - Ey, aya, jonga tegdingiz. Ko‘chadaman, hozir boraman shu uyingizga!

Yigitcha telefon tugmachasini bosib, yonidagi o‘rindiqqa itqitarkan:

- Ko‘rayapsiz, ruldaman, - dedi menga o‘girilib. -Ammo, ayam "postoyanni" nervimga tegib telefon qiladi. Ruldasan, ko‘zingga qara, hushyor bo‘l, ichma, deydi.

Nima, men yosh bolamanmi, aql o‘rgatadi?!

- Ona-da, ruldasiz, xavotir oladi, dedim men.

- Yo‘q, - dedi yigitcha. - Bizning "mamasha" nervga o‘ynaydi, nervga. Chunki, mashina ularning puliga kelganda.

O‘sha lahzada yulduzni benarvon uradigan bu yigitchaga nisbatan qalbimda to‘lib toshgan havas hislari bir zumda tumandek tarqadi. Uning shunday avtomashinada kerilib yurishi ham omonat, bir lahzalik rohatdek tuyuldi, menga.

Abduaziz HOShIMOV.