Yo‘llar harakat qatnashchilari uchun xavfsizmi?
Viloyat hududida yo‘l-transport hodisalari, shu jumladan, og‘ir oqibatli, o‘lim bilan bog‘liq hamda bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan 2019-2020-2021 yillar hamda 2022 yilning o‘tgan 6 oyi davomida viloyat va har bir shahar, tumanda sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari chuqur tahlil qilindi.
Tahlillar asosida avariya o‘choqlari aniqlanib, ushbu hududlarda profilaktik targ‘ibot ishlari kuchaytirilib, YPX naryadlari zichligi oshirilmoqda. Shu bilan birga, infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Xususan, o‘tgan 6 oyda viloyat hududidagi avtomobil yo‘llarida 1084 ta yetishmaydigan yo‘l belgilari, 287 ta yo‘naltiruvchi ustunchalar, 1420 p.metr 1-toifali muhofazalovchi to‘siqlar va 19 ta joyda svetofor o‘rnatildi, 1212 ta eskirgan yo‘l belgilari almashtirildi.
Bundan tashqari, 720 ming 20 kvadrat metr yo‘l yotiq chiziqlari chizilib, 19 ta joyda yangi piyodalar o‘tish joyi tashkil etildi, maktablar oldida 61 ta sun’iy notekisliklar yaratildi, 377 ta piyodalar o‘tish joyida yotiq chiziqlar yangilandi.
Amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan joriy yilning o‘tgan davrida yo‘l xo‘jaligi tashkilotlariga 25 ta hamda shahar-tuman hokimliklariga 17 ta taqdimnoma kiritildi. Yo‘llarni saqlash qoidalarini buzgan hamda tegishli vazifalarni amalga oshirmagani uchun 44 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rildi.
Xodimlar tomonidan o‘tgan 6 oy mobaynida 147121 ta qoidabuzarliklar aniqlandi.
Viloyat bo‘yicha 372 ta yo‘l-transport hodisalari qayd etilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 0,5 foizga (374-372), o‘lim bilan bog‘liq YTHlari 13,5 foizga (111-96) hamda ushbu hodisalar oqibatida halok bo‘lganlar soni 12,1 foizga (141-124), tan jarohati olganlar soni 10,5 foizga (408-365) kamayishiga erishildi.
2022 yil iyun oyida viloyatimiz hududida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarining har biri to‘liq o‘rganilib, chuqur tahlil qilindi. Ushbu iyun oyida qayd etilgan 72 ta yo‘l-transport hodisasi oqibatida 30 kishi halok bo‘lgan, 87 kishi tan jarohati olgan. Yo‘l-transport hodisalarining 25 tasi 30 yoshgacha, 34 tasi 31-40 yoshgacha bo‘lgan haydovchilar tomonidan sodir etilgan.
Ayni kunlarda Samarqand shahrida yo‘lovchi va haydovchilar uchun eng katta muammolardan biri tirbandliklar ekanligini yaxshi bilamiz. Ularning oldini olish, transport vositalari va piyodalarning erkin hamda xavfsiz harakatlanishlarini ta’minlash maqsadida joriy yil yakuniga qadar 54 ta svetofor ob’yektini raqamli boshqaruv tizimiga o‘tkazish ishlari olib borilmoqda. Qolgan 96 ta svetofor 2023 yilda raqamli boshqaruv tizimiga o‘tkaziladi.
Umuman, 2023 yil yakuniga qadar shahar va tumanlardagi aholi gavjum 38 ta piyodalar o‘tish joylarida boshqariladigan (tugmali) svetoforlarni o‘rnatishning manzilli dasturi ishlab chiqilgan. Dasturga muvofiq, joriy yil davomida 18 ta joyda piyodalar boshqaradigan svetoforlar o‘rnatiladi.
Aslida yo‘l infratuzilmasi xavfsizlik talablariga to‘liq javob berishi zarur. Ya’ni, barcha aholi yashaydigan joylardan o‘tuvchi yo‘llar tungi yoritkichlar bilan jihozlanishi, ularda piyodalar va veloyo‘laklar qurish, xalqaro va davlat ahamiyatiga molik yo‘llardagi piyodalar yer osti yoki yer usti o‘tish joylarini qurish, shuningdek, transport vositalari qayrilib olish joylarini yo‘l o‘tkazgichlar orqali tashkil etish lozim.
Bu borada viloyatimizda ham aniq chora-tadbirlar belgilab olingan. Misol uchun, M-39 avtomobil yo‘lining Bulung‘ur tumani markazidan, Jomboy tumanidan, M-37 avtomobil yo‘lining Samarqand va Narpay tumanidan o‘tuvchi qismida piyodalarning yer usti o‘tish joylarini qurish lozim. Bundan tashqari, M-39 avtomobil yo‘lining Bulung‘ur tumani markazidan, Jomboy tumanidan, M-37 avtomobil yo‘lining Oqdaryo tumanidan, Narpay tumanidan o‘tuvchi qismida transport vositalarining qayrilib olish joylarini yer osti yoki yer usti orqali (yo‘l o‘tkazgich) harakatni tashkil etish kerak.
Bu ishlarni amalga oshirish Bosh vazir tomonidan 2022 yil 31 mart kuni tasdiqlangan “Yo‘l xarita”da ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi tomonidan tegishli amaliy chora-tadbirlar belgilanmagan.
Amaldagi hujjatlarga ko‘ra, viloyat hokimligi maxsus ekspluatatsiya-montaj korxonasi tasarrufidagi bino-inshootlar va moddiy-texnika vositalari to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazilib, Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlari hamda Oqdaryo tumanida viloyat IIB JXX YHXB huzuridagi maxsus ekspluatatsiya-montaj bo‘linmalari tashkil etilmoqda.
Sh.BOYXO‘ROZOV,
viloyat IIB JXX Yo‘l harakat xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i.