Yo‘llardagi sun’iy do‘ngliklarni kim tartibga oladi?

Anglagan bo‘lsangiz, gap yo‘llarda avtomobil tezligini kamaytirishga xizmat qiladigan sun’iy do‘ngliklar haqida boryapti. To‘g‘ri, ayrim aholi gavjum va yo‘lni kesib o‘tishi ehtimoli ko‘p bo‘lgan joylar, maktab, bog‘cha, kollej yaqinidagi yo‘lga bunday do‘ngliklar qilish mumkindir. Tag‘in u yo‘l harakati xavfsizligi nuqtai nazaridan maxsus rezinali holatda bo‘lishi kerak. Biroq uni o‘rnatishning ham o‘ziga yarasha qonun-qoidasi bor. Ya’ni, o‘zboshimchalik bilan asfalt yo‘l ustiga do‘ng qoplama qilish hech bir qoidaga to‘g‘ri kelmaydi.
Yo‘l harakati qoidalari yangi tahrirda qabul qilinib, unda yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan avtomobil yo‘l qismiga o‘zboshimchalik bilan sun’iy do‘ngliklar o‘rnatish taqiqlanganda haydovchilar bundan mamnun bo‘lishgandi. Ammo kuzatuvlar bu qoidalar qog‘ozda qolib ketgani, amalda deyarli hech nima o‘zgarmaganligini ko‘rsatmoqda.
Isbot deysizmi, marhamat, ko‘chalarimizni aylaning. Avtoulovingizda markaziy ko‘chalardan burilgan zahotingiz biror "g‘ov"ga do‘ch kelasiz. Ayniqsa, shahar va unga tutash hududlarda yo‘lga sun’iy do‘nglik qurish urfga aylangan. Mahallalarning ichki ko‘chalarini-ku ularsiz tasavvur qilish qiyin bo‘lib qoldi. Xo‘sh, bu yerlarda qonun ishlamaydimi?
— Bulung‘ur tumani markazidan Kildon mahallasiga ketayotib, asfalt rangi bilan bir xil bo‘lgani bois ko‘chaga yotqizilgan sun’iy do‘nglikni ko‘rmay qoldik, - deydi fuqarolardan biri. – Mashina ham, o‘zimiz ham shikastlandik. Qiziq, piyoda o‘tishi ehtimoli kam bo‘lgan serqatnov, tuman markazi bilan tumanning asosiy mahallalarini bog‘lab turuvchi katta ko‘chaga to‘siqning nima keragi bor? Xo‘p, o‘rnatibsan, ungacha ogohlantiruvchi belgilar qo‘yish kerak emasmidi?
Darhaqiqat, ko‘chalarda bu sun’iy to‘siqlardan ogohlantiruvchi belgilarni deyarli uchratmaysiz. Holbuki, sun’iy do‘nglik belgilangan tartibda o‘rnatilgan bo‘lsa, ulargacha “Sun’iy yo‘l notekisligi” ogohlantiruvchi belgisi yoki “Sun’iy notekislik” qo‘shimcha axborot belgilari bo‘lishi kerak. Agar ular bo‘lmasa, mashinaga, qolaversa haydovchi va yo‘lovchi salomatligiga yetkazilgan zararni kim qoplaydi?
Do‘ngliklarni o‘rnatishdan maqsad tezlikni cheklash va og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalarini oldini olishdan iborat. Buni bilamiz, piyoda hayotini saqlash uchun bu yaxshi. Ammo uni o‘rnatishda ham tartib, qoida bo‘lishi kerak emasmi? Xullas, savollar ko‘p. Mas’ullardan bu masalada izoh kutib qolamiz.
Asqar Barotov.