Yo‘lovchi tashuvchi "Gazel" yonib ketdi
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda 8 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan "Gazel" yonib ketgani haqida xabar tarqaldi. Bundan xabar topgan ko‘pchilik kishilar "Yo‘lovchilarga shikast yetmaganmikan ishqilib?", degan mazmunda hadik bilan murojaat qilmoqda.
IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, bugun, 26 iyul kuni soat 9:10 larda Toshkent shahar, Olmazor tumani, Qorasaroy ko‘chasida haydovchi M.R. 8 nafar yo‘lovchi bilan «Gazel» rusumli avtomobilni boshqarayotib dvigatel qismida qisqa tutashuv yuzaga kelganligi sabab zudlik bilan to‘xtagan.
Yo‘lovchilar darhol avtomobildan tushirilgan. Qisqa tutashuvdan so‘ng yong‘in yuzaga kelgan. Yong‘in o‘t o‘chiruvchilar tomonidan bartaraf etilgan.
Yong‘in oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q. Faqat transport vositasiga zarar yetgan.
Mazkur hodisa yuzasidan Olmazor tumani FVB va YHXB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilib, yong‘in yuzaga kelish sabablariga aniqlik kiritilmoqda.