“Yong‘in o‘chirildi, jarohatlanganlar va qurbonlar yo‘q”: Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidagi yirik yong‘in bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi
Samarqand shahri Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidagi savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish uyida yong‘in yuzaga kelib, boshqa tutash ob’yektlarga ko‘chgani haqida xabar berilgandi. Holat yuzasidan viloyat IIB rasmiy ma’lumot tarqatdi.
“Bugun, 7 iyun kuni soat 14:00 da Samarqand shahar «Farovonlik» mahallasi Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida joylashgan «VERBATIM» MChJ va va «BAXT» MChJ binosida yong‘in sodir bo‘layotganligi to‘g‘risida viloyat FVBga xabar kelib tushgan.
Shunga ko‘ra, 8 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 14:03 da voqea joyiga yetib borib, yong‘in soat 14:30 da qurshab olingan va soat 16:20 da bartaraf etilgan. Shuningdek, yong‘inga viloyat obodonlashtirish boshqarmasining texnikalari ham jalb etilgan.
Yong‘in sabab binoning taxminan 200 kv.m. maydonda tomi va shift qismi yonib, zararlangan.
Hodisa oqibatida tan jarohati olish va halok bo‘lish xolatlari qayd etilmadi. Hozirda yong‘inni kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda”, deyiladi viloyat IIBning FVBga asoslanib tarqatgan xabarida.