Yopiq fondlardagi “mutlaqo maxfiy” ma’lumotlar asosida yozilgan kitoblar

“Turkiston 1917 yilda muhim siyosiy o‘zgarishlar arafasida turardi. Mintaqa xalqlari Rossiya imperiyasining ellik yillik mustamlakachilik zulmiga qarshi tinimsiz ravishda milliy ozodlik kurashini olib bordi. Dastlab ma’rifatparvarlik harakati sifatida vujudga kelgan jadidchilik Turkiston taqdiri hal qilinayotgan bu pallada Turkiston xalqini g‘oyaviy jihatdan birlashtiruvchi kuch sifatida maydonga chiqdi.

Ammo Turkiston Muxtoriyati hukumatining 1918 yil fevral oyida sovet rejimi tomonidan qonga botirilishi mahalliy xalqlarni junbushga keltirdi. Mintaqa tub aholisining tinch yo‘l bilan o‘z taqdirini o‘zi hal qilishi va milliy mustaqillikka erishish huquqi bolsheviklar tomonidan rad qilingach, ular mustaqillikka erishish uchun qurolli kurash yo‘lini tanlashlariga to‘g‘ri keldi. Mahmudxo‘ja Behbudiy tomonidan 1918 yil boshlarida o‘rtaga tashlangan «Haq olinur, berilmas!» shiori butun millatning jangovar chaqirig‘iga aylandi.

Afsuski, mustaqillik uchun olib borilgan ozodlik harakatlari bosmachilik harakati nomi tarixda qoldi”.

Ushbu jumlalar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, professor Qahramon Rajabovning “Turkiston mintaqasida sovet rejimiga qarshi istiqlolchilik harakati va mohiyati (1918-1935 yillar)” kitobidan o‘rin olgan. Kitobning dastlabki sahifalarini o‘qir ekansiz, Vatanimizning mustaqilligi yo‘lidagi 100 yildan ortiq davom etgan kurash haqiqatini ochish, uni ro‘y-rost xalqimizga yetkazish yo‘lidagi maqsadi va mehnatini e’tirof etasiz.

Olimning “Fan” nashriyotida 2022-2025 yillar davomida chop etilgan  “O‘zbekiston SSRda sovet rejimining qatag‘on siyosati va uning oqibatlari (1917–1991)”, “1924:Turkistonning parchalanishi” hamda ikki jildlik “Turkiston XX asrda” nomli kitoblari ham bugungi kunning katta voqeasi bo‘ldi.

Bir-birini to‘ldiruvchi ushbu kitoblarda Turkiston mintaqasida sovet rejimiga qarshi umumxalq harakatining g‘oyaviy-siyosiy ildizlari va ozodlik g‘oyalarining kuchayib borishi, sovet rejimiga qarshi qurolli harakatning mohiyati ochib berilgan, mintaqadagi qurolli harakatning asosiy rivojlanish bosqichlari hududiy va xronologik tartibda tahlil etilgan.

Asarning jadidlar va taraqqiyparvarlar - istiqlolchilik harakatining g‘oyaviy rahnamolari qismida Mustafo Cho‘qay, Nosirxon To‘ra, Sadriddinxon Sharifxo‘jayev, Munavvar Qori Abdurashidxonov, To‘raqul Jonuzoqov, Usmon Xo‘ja, Amir Said Olimxon, Ahmad Zaki Validiy To‘g‘on kabi shaxslarning siyosiy jarayonlardagi ishtiroki bilan bog‘liq fikrlar mazkur kitobning qiymatini yanada oshirgan.

Asarning O‘rta Osiyo respublikalarida sovet rejimiga qarshi qurolli kurash deb nomlangan qismida O‘zbekiston SSRda istiqlolchilik harakatining so‘nggi bosqichi va uning o‘ziga xos jihatlari, xususan, Farg‘ona vodiysi, Samarqand viloyati, Buxoro va O‘rta Zarafshon okruglari, Qashqadaryo va Surxondaryo vohalaridagi janglar yoritilgan. Shu bilan bir qatorda, Tojikiston, Turkmaniston, Qoraqalpog‘iston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonda sovet hokimiyatiga qarshi kurashning kuchayishi sabablari, asosiy janglar, yetakchi kurash rahbarlarining faoliyati va mag‘lubiyat sabablari keng tahlil etilgan.

Ushbu asarlar O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasida saqlanayotgan arxiv hujjatlari, yopiq fondlardagi “mutlaqo maxfiy” ma’lumotlar hamda o‘sha davr matbuoti materiallari asosida xolis va haqqoniy yozilgan. Aytish mumkinki, ushbu kitoblar tarixchi olim Qahramon Rajabovning butun ilmiy faoliyati mahsulidir.

Sulaymon Mardiyev.