Yosh avlod quvonchi

1 iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyat boshqarmasi xodimlarining farzandlari uchun bayram tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirda asosiy e’tibor yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirish, ularni sog‘lom va bilimli, ma’naviy barkamol insonlar qilib tarbiyalashga qaratildi.

Shu maqsadda tadbir doirasida kitoblar va qo‘l mehnati asosida yaratilgan turli o‘yinchoqlar, bezaklar ko‘rgazmasi, asfaltga rasm chizish, shaxmat, shashka, stol tennisi, badminton kabi sport turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi. 

Shuningdek, tadbirda qurol-aslahalar ko‘rgazmasi namoyish etildi. Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan turli o‘yinlar, viktorinalar o‘tkazildi. 

Tadbirda DXX viloyat boshqarmasi boshlig‘i A.Ahmedov bolajonlarni bayram bilan qutladi, yosh avlodni har tomonlama sog‘lom tarbiyalashda kitobxonlik, sportning o‘rni beqiyosligini alohida ta’kidladi. Bugungi tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham bolajonlarni ilmli, sog‘lom va barkamol voyaga yetkazib, ularni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilganligini qayd etdi.

Shundan so‘ng, xodimlar oilalari o‘rtasida "Otam, onam va men sportchi oila" shiori ostida musobaqa uyushtirildi. Unda DXXda faoliyat olib borayotgan 5 nafar xodimlar oilalari belgilangan shartlar asosida o‘zaro bellashdi. 

Tadbir davomida bolajonlar uchun viloyat xalq ta’limi va madaniyat boshqarmalari tomonidan tayyorlangan bayram dasturlari namoyish etildi. Sport maktablari tarbiyalanuvchilarining ko‘rgazmali chiqishlari bolajonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Tadbir yakunida musobaqa ishtirokchilari esdalik sovg‘alari bilan taqlirlandi. Shuningdek, bayramda qatnashgan barcha bolajonlarga boshqarma tomonidan tashkil etilgan bayram sovg‘alari ulashildi.