“Yosh kitobxon”dagi savollar ishtirokchilarni qoniqtiradimi?

* Usmon Azim

* Shavkat Rahmon

* Rauf Parfi”

Bu savol-javobni shu yilning 12-14 iyul kunlari joylarda bo‘lib o‘tgan “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovining shahar va tuman bosqichlarida 20-30 yoshlilar uchun tuzilgan test savollarining birida o‘qiysiz.

Ochig‘i, keyingi paytlarda mazkur tanlovda tuzilgan savollar bo‘yicha ko‘p yoshlarni norozilik kayfiyatida uchratdik. Aynan mana shu holat bizni tanlov savollari bilan chuqurroq tanishib, mulohaza qilishga undadi.

Nazarimda, tanlovga kiritilgan ayrim savollar odamning g‘ashini keltiradi. Ayting-chi, mazkur savolda aynan bir shaxsni ko‘rsatuvchi, unga urg‘u beruvchi va albatta, faqatgina yakka ijodkorga tegishli bo‘lgan so‘zlar bormi? Menimcha yo‘q. Masalan, shu savolning javobiga nomlari keltirilgan ijodkorlarning ismi o‘rniga mutlaqo boshqa ism-familiyani bemalol qo‘yish mumkin. Chunki bu gaplarni kundalik turmushimizda har birimiz, har kuni ishlatishimiz va eshitishimiz tabiiy.

Jumladan,

* kattaqo‘rg‘onlik Suvonqul

* nurobodlik Mamarayim

* bulung‘urlik Toshpo‘lat lofchi

* payariqlik Hotam topqir

Ko‘rsatilgan savolga javob sifatida aynan shu variantlarni ham qo‘ysa bo‘ladi. Negaki, savolning javobini aniq bir asos bilan topishi mumkin bo‘lgan ishtirokchi kam bo‘lsa kerak. Shunday ekan, uning javobini belgilashda qatnashchilar shunchaki, tavakkaliga, o‘zlariga tanishroq bo‘lgan ijodkorni tanlashadi, xolos...

Ochig‘i, mazkur tanlovning birinchi bor o‘tkazilgan mamlakat bosqichidagi 15-19 va 20-30 yoshlilar o‘rtasidagi ma’naviy kurashni ko‘rib, kuzatib, shubhasiz, siz mendan ko‘proq achingansiz. Sababi, aynan o‘sha jarayon bizga adabiyotga munosabatning qandayligi va uni o‘qiyotgan yoshlarning bilimi qay darajada ekanini yaqqol ko‘rsatib berdi. Vaholanki, ko‘p yillik tarixga ega milliy adabiyotimiz va mantiqan bog‘langan jahon adabiyotiga bo‘lgan qiziqish kutilgandek bo‘lib chiqmadi.

20-30 yoshdagilarga berilayotgan boshqa bir savolga ham to‘xtalsak.

“Muhabbatning yagona sharti tenglikdir. Shu tuyg‘u yo‘q joyda har qanday ezgu niyat g‘orat topur, ishq olamiga birovning qulligi-yu, ikkinchi birovning istibdodi boshlanur.” Ushbu parcha qaysi asardan olingan?

* “Qora kitob”

* “Dashtu dalalarda”

* “Pakananing oshiq ko‘ngli”

* “Ko‘ngil ozodadir”

Menimcha, savol tuzishda biroz yuzaki qaralganga o‘xshaydi. Kitobxon sifatida ayting-chi, bugun o‘qigan asaringizning matnidan ertaga necha foizini aytib bera olasiz?

Ayniqsa, muhabbat mavzusida yozilgan bo‘lsa.

Bunday mavzudagi roman, qissa va hikoyalarga esa adabiyotimiz ancha boy. To‘g‘risi, ushbu jumlalarda ham aynan o‘ziga xoslik, yakkalikni topish mahol. Demak, bu savolning ham javobi ishtirokchilarning taxminiy tanlovlari qatoriga kirishi shubhasiz.

Navbatdagi ko‘rik-tanlovda 10-14 yoshdagilarning ham ishtirok etayotgani yaxshi bo‘ldi, albatta. Bu orqali kichik yoshdagilarni ham kitobga jalb qilish, kitobni sevishga o‘rgatish mumkin. Biroq ularga berilayotgan savollarda ham yuqoridagi kabi holatlarga ko‘zingiz tushadi.

Masalan, “Barcha katta yoshdagilar qachonlardir bola bo‘lganlar, faqat bu haqida hammalari ham eslolmaydilar. Ushbu parcha qaysi asarda keltirilgan?

* “Oq kema”

* “Dunyoning ishlari”

* “Kichkina shahzoda”

* “Ravshan”

Eslab ko‘ring-chi, bu gaplarni qay birimiz yoshi kattalardan, bobo-buvilarimizdan eshitmaganmiz? Bu jumlalarda qanday alohidalik borki, o‘qigan kitobxon ularni eslab qolishi mumkin bo‘lsa. Bunday so‘zlarni bozordagi sotuvchidan ham, aravakashdan ham eshitish mumkin emasmi?

Ochig‘i, savollar bilan tanishib, tanlovda ishtirok etmoqchi bo‘lgan kishi endi badiiy kitob o‘qiganda g‘oyasi va mazmun-mohiyatiga emas, undagi har bitta so‘z hamda qahramonlarning ismini yodlab qolishi kerakligi haqida o‘ylab qoldim. Shu o‘rinda yana bir savolga e’tibor qaratsak.

“Kitob nima uchun sevib o‘qiladi?”

Shu savolni hech o‘zingizga berib ko‘rganmisiz? O‘ylab ko‘ring-chi, 10-14 yoshdagi bola bu savolga qanday javob berishi mumkin. Ushbu savolga quyidagicha javob variantlarini o‘qiysiz:

* “modern yo‘nalishidagi asarlar ekani bilan

* insoniylikni targ‘ib qiluvchi yagona qahramon yaratilishi bilan

* ijtimoiy-insoniy illatlar ifodasi bilan

* kitobxon dilidagi gaplar samimiy, xolis va ishonarli tasvirlangani uchun.”

Bu javoblarning qay birini o‘quvchi sifatida noto‘g‘ri yoki to‘g‘ri, deya ayta olasiz?

Hurmatli hakamlar hay’ati qaysi javobga yuqori, qaysi javobga past baho qo‘yadi? Bunda ular qaysi mezonga tayanadi? Axir, kitob beradigan imkoniyat, uning vazifasi juda keng. Shu bois kitob “bu uchun” yoki “mana bu uchun” sevib o‘qiladi, degan qarashdan voz kechish kerak emasmi?

“Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovining 15-19 yoshdagi ishtirokchilariga berilayotgan test savollarida ham xuddi shunday holatlar talaygina.

Masalan, “... Yetti otasini boshi odatiy hol, yetti ajdodini bilish muqaddas burch”ligini kim aytgan?

* Ch.Aytmatov

* M.Osim

* M. Behbudiy

* A.Qodiriy”

Bu savolni alohida mulohaza qilishga hojat yo‘q. Chunki bu ham yuqorida kelgan savollarning xuddi takrori. Shuningdek, yana bir savolga to‘xtalsak. Uning javobi tanlov ishtirokchisini ikkilantirib qo‘yishi va norozilik kayfiyatiga olib kelishi shubhasiz.

“Kitob orqali orttirilgan bebaho boylik nima?”

Variantlarni keltirishdan oldin o‘zimizga bir savol berib ko‘rsak. Siz bu savolga nima deb javob bergan bo‘lardingiz? Aniq, chegaralangan bir gapni ayta olasizmi?

Javob variantlari shunday:

* “V va S

* ruhiy ozuqa

* ma’naviyat va ma’rifat

* aql va idrok

Qanchalar mantiqdan uzoq javob.

Xullas, aniq maqsad va uzoqni o‘ylab amalga oshirilayotgan “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanloviga yoshlarni yanada jalb qilish, ma’naviyatini yuksaltirish uchun tuziladigan test savollarini puxta tayyorlash lozim.

Tayyorlangan test savollari mutaxassis ko‘rigidan o‘tishi, muhokama qilinib, so‘ngra foydalanilishi kerak. Buning uchun oliy o‘quv yurtlaridan olimlar bilan hamkorlikda ish olib borish yaxshi natija beradi. Ko‘rik-tanlovning shahar, tuman bosqichida berilayotgan bu kabi savollar navbatdagi bosqichlarda yangilansa, ayni muddao bo‘ladi. Shundagina ko‘zlangan maqsad va rejalarga erishishimizga yanada imkon kengayadi.

Abdujabbor PO‘LATOV.