"Yosh kitobxon": Orzu qilishdan qo‘rqmang!
Bu havasimni ochiq bildirmasam-da, farzandlarimning o‘qishiga alohida e’tibor bera boshladim. O‘qigan kitoblarini qayta-qayta o‘qishga undadim. Ularning kundalik daftarlarini kuzatib bordim. Farzandlarga qo‘shilib, ayolim ikkimiz ham kitob mutolaa qilishga o‘tdik. Ishoning, tez orada oilamizda haqiqiy kitobxonlik muhiti shakllandi va farzandlarimning qo‘lidan kitob tushmaydigan bo‘ldi.
Bu "Yosh kitobxon" tanlovining 10-14 yosh toifasi bo‘yicha respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan Paxtachi tumanidagi 24-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Mahliyo O‘roqovaning otasi Toshtemir Gadoyevning gaplari.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan o‘tkazilgan "Yosh kitobxon" tanlovida 14 nafar yigit-qiz "O‘zbek adabiyoti bilimdoni", "Jahon adabiyoti bilimdoni", "Buyuk mutafakkir va adib" hamda "She’riyat" shartlari bo‘yicha kuch sinashdi. Raqiblarini ortda qoldirgan Mahliyo yillar davomida olgan bilimlarini amalda qo‘lladi va 238 ball to‘plab, Prezident sovg‘asiga sazovor bo‘ldi.
– Kitob sababli bugun o‘zimni kashf qildim, – deydi Mahliyo O‘roqova. – Albatta, bu muvaffaqiyatimda kitob o‘qishim uchun imkoniyat yaratib bergan ota-onam va bilim olishga maqsadli yo‘naltirayotgan ustozlarimning xizmati cheksiz. Oilada to‘ng‘ich farzandman. Natija ukalarim uchun ham bir dars bo‘ldi. Maqsadim – kuchli huquqshunos bo‘lib, Vatanimga xizmat qilish.
Shu o‘rinda bir holatga e’tibor qaratishni istardik. Rosti, qaysidir tanlov g‘olibi albatta, kimningdir erkatoyi, farovon va barcha qulayliklarga ega oila farzandi bo‘ladi, degan qarashga o‘rganib qolganmiz. Lekin Toshtemir akaning aytishicha, bu oilada besh farzandni tarbiyalash har doim ham oson kechmagan. Moddiy yetishmovchiliklar bo‘lib turgan. Ammo insonda maqsad va kurash hisi bor ekan, hamma narsaning imkoniyati bo‘ladi. Ushbu oila o‘sha imkonni topdi!
– Kitobga oshno tutingan inson hech qachon kam bo‘lmaydi, – deydi Mahliyoning ustozi Nigora Husanova. – Buni Mahliyo misolida ham ko‘rishimiz mumkin. U meni dam olish kunlari ham tinch qo‘ymasdi. Uyimga kelar va o‘zi o‘qiyotgan badiiy asari bo‘yicha fikrlashgisi kelardi. Uning tirishqoq va ilm yo‘lidagi qaysarligi bugun mana shunday yutuqqa erishishiga zamin yaratdi. Ochig‘i, Mahliyoning g‘alabasidan ustoz sifatida o‘zimni juda baxtiyor sezyapman.
Gapning indallosi, orzu qilishdan qo‘rqmang va maqsadni aniq qo‘ying.
Abdujabbor PO‘LATOV.