Yosh tadbirkor yoshlar mehnat guzari qurmoqchi
Yoshlar ittifoqi va Urgut tumani hokimligi uni qo‘llab-quvvatlaydimi?
Prezident sovrini uchun an’anaviy “Tashabbus” ko‘rik-tanlovi 2018 yilda yangi mezonlar asosida o‘tkazildi. Tanlovni o‘tkazish tartibi o‘zgardi, asosiy nominatsiyalar ikkitaga ko‘paydi, qo‘shimcha nominatsiyalar qo‘shildi.
Urgut tumanida uch yildan buyon faoliyat olib borayotgan “Urgut sanoat servis” oilaviy korxonasi boshlig‘i, yosh tadbirkor Majidxon Islomov ham katta tadbirkorlar va tengdoshlari bilan tanishish, tajriba almashish maqsadida ushbu tanlovda qatnashdi. U ishlab chiqarayotgan erkaklar ko‘ylagi ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Uning ish uslubi, maqsad va rejalari hakamlarda qiziqish uyg‘otdi. Balki shu bois, tanlov g‘oliblari e’lon qilinayotganda uning nomi ham aytildi, yangi tashkil etilgan nominatsiya – “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori” yo‘nalishi g‘olibi bo‘ldi.
Tanlovning viloyat bosqichida ham bu e’tirof takrorlandi va Majidxon “Tashabbus – 2018”ning mamlakat bosqichida ishtirok etadigan bo‘ldi.
– Oilamizda tadbirkorlikka qiziqish katta, – deydi “Urgut sanoat servis” oilaviy korxonasi boshlig‘i, yosh tadbirkor Majidxon Islomov. – Aka-ukalarim – barchamiz shu sohani tanlaganmiz. Birgina farqimiz – ular savdo-sotiq bilan shug‘ullanadi, men esa ishlab chiqarish faoliyatiga qiziqaman va shunga intilganman. Shu sababli Turkiyadan tikuv mashinalari va boshqa jihozlar keltirib, 2016 yilda ko‘ylak ishlab chiqarishni boshladim. Chunki nafaqat Urgutda, balki viloyatimiz, yurtimizda ham ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchilar barmoq bilan sanarli, agar ish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, yaxshi biznes yuritish imkoniyati paydo bo‘lishini bilardim.
Dastlab Turkiyadan kelgan mutaxassis ish o‘rgatdi, asosan yosh yigit-qizlarni yonimga oldim. Ular murakkab bo‘lmagan uskunalarni ishlatish ko‘nikmasini tez o‘zlashtirdi, qo‘llari kelishib qoldi. Bejirim ko‘ylaklar ishlab chiqara boshladik. Mahsulotni asosan Urgut bozoridagi sotuvchilar orqali savdoga chiqardik. Keyin ularning o‘zlari buyurtma bera boshladi. Bozorda o‘z o‘rnimizni topgach, mahsulot turini ko‘paytirishga e’tibor qaratdik. Korxonamizda ishlovchilar ham 30 kishiga yaqinlashib qoldi. Samarqand va Toshkent shaharlaridagi tadbirkorlar bilan hamkorlik qila boshladik. Bu orada ISO-9001 sertifikatini olib, imkoniyatlarimiz yanada kengaydi.
Odatda tanlov yoki ko‘rgazmaga kelgan tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlari namoyishi bilan cheklanadi. “Urgut sanoat servis” oilaviy korxonasi vakillari esa “Tashabbus”ning mamlakat bosqichida ham o‘zlari ishlab chiqarayotgan va ko‘rgazmaga olib kelgan ko‘ylaklarni qaytarib olib ketmadi, sotib ketdi.
– Xorijda o‘tgan ko‘rgazmalarda yoki tekstil korxonalari faoliyati bilan tanishganimda ular mahsulot realizatsiyasida o‘ziga xos uslubdan foydalanishiga guvoh bo‘lganman, – deb so‘zida davom etadi M.Islomov. – Ko‘rgazma davomida texnologiya yoki mahsulotni o‘sha yerning o‘zida sotib olishingiz mumkin. Yoki korxonaning yonida savdo do‘koni, mijozlarni qabul qiladigan joylar bor. Bu yerda sizning buyurtmangizga qarab kiyim-kechakni tayyorlab berishadi. Biz ham ana shunday yo‘l tutishga harakat qilyapmiz. Ammo hozircha joy masalasida biroz muammolar borligi uchun o‘z savdo nuqtamizga ega emasmiz. “Tashabbus”ning mamlakat bosqichida poytaxtimizda mahsulotlarni namoyish etish bilan birga, o‘sha yerning o‘zida korxonamizdagi ishlab chiqarish jarayonini ko‘rsatib berdik. Tayyor mahsulotni sotdik va 30 ga yaqin tadbirkor bilan kelishuvga erishdik.
O‘tgan yili yurtimizda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi qabul qilinib, yoshlarga tadbirkorlik uchun juda katta imtiyoz va yengilliklar berildi. O‘zim ham Yoshlar ittifoqi faoliyatida qatnashib turishim tufayli, aytishim mumkin, bu yoshlarni tadbirkorlikka o‘rgatishda muhim o‘rin tutadi. Dasturda belgilangan chora-tadbirlar bilan tanishib, Urgutda davlat-xususiy sheriklik asosida yoshlar mehnat guzari tashkil etishga ahd qildim. Hozir tegishli hujjatlarni to‘plab, komissiyaga taqdim etganman. Agar ijobiy xulosa berishsa, tumanimiz yoshlarini kasb-hunarga o‘rgatish, ularning bandligini ta’minlashga xizmat qiladigan zamonaviy maskan tashkil qilmoqchiman. Shu yerda o‘zim o‘ylagan, xorijdan o‘rganib kelgan ko‘plab yangi reja va loyihalarni ham amalga oshirish niyatim bor.
Darvoqe, yosh tadbirkor yil boshida 20 ta zamonaviy tikuv mashinasi va boshqa jihozlar xarid qilib, faoliyatini kengaytirmoqda. Bu yana qo‘shimcha 30 ga yaqin ish o‘rni degani.
O‘nlab yoshlarni tadbirkorlikka o‘rgatish, ularni ish bilan ta’minlash va eksportbop mahsulot ishlab chiqarishni o‘z oldiga maqsad qilgan Majidxonning loyihalarini O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va Urgut tumani hokimligi qo‘llab-quvvatlaydi, deb ishonamiz...
G‘olib Hasanov.