Yosh tadbirkorni hokim qo‘llaydi

Tumandagi ijtimoiy-iqtisodiyot va pedagogika kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Nazokat Tursunova ham oilaviy an’anani davom ettirib, qandolatchilikni rivojlantirish niyatida. Ammo biroz mablag‘ yetishmayapti. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etilgan hokim va yosh fermerlar uchrashuvida u o‘zining rejalari va ishlab chiqarish faoliyati haqida mutasaddilarga aytdi. Uning taklifi o‘rganilib, biznesini yo‘lga qo‘yib olishi uchun Xalq bankining Payshanba filialidan 7 million so‘m miqdorida kredit ajratiladigan bo‘ldi.
"Yoshlar – kelajak bunyodkori" shiori ostida tashkil etilgan uchrashuvda tumandagi fermerlar, hunarmandlar, tadbirkorlarning innovatsion ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda yosh tadbirkorlar, kollej bitiruvchilari va boshqa taklif etilganlar o‘z biznes-rejalari va uni amalga oshirishda qiyinchilik tug‘dirayotgan masalalar yuzasidan yordam so‘rab murojaat qildilar. 

– Bir necha yildan buyon uyimda tikuvchilik bilan shug‘ullanaman, ammo endi tikuvchilik qilishim uchun uyim kichiklik qilyapti, – deydi Tarnov mahallasida yashovchi Oydinniso Murodova. – Shu bois bo‘sh turgan bino ajratib berishlarini so‘rab murojaat qilgandim. Bu ijobiy hal etildi. 
Tadbirda ishtirok etgan 500 nafarga yaqin yoshlarning ko‘pchiligi o‘z fikrlarini bayon etdi. Ularning savollariga tuman hokimi A.Bahromov javob qaytardi va aytilgan muammolarning aksariyati ijobiy yechim topdi. 
Shunday tadbir Nurobod tumanida ham bo‘lib o‘tdi. 

O‘z muxbirimiz.