Yosh xodimlar, yangi imtiyozdan xabardormisiz?
Farmon bilan bugungi davr talablariga mos ravishda har tomonlama barkamol, mustaqil fikrlaydigan, mamlakat istiqboli, xalq manfaati yo‘lida mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor, salohiyatli yoshlar uchun bir qator imtiyoz va yengilliklar belgilab berildi. Farmonning 13-bandida keltirilgan takliflar shular jumlasidandir.
Mazkur bandda ta’lim muassasasini tamomlaganiga uch yil bo‘lmagan, birinchi marta ishga qabul qilingan yoshlarga daromad solig‘ini birinchi yil uchun 50 foiz, ikkinchi va uchinchi yillar uchun esa 25 foizga kamaytirish ko‘rsatib o‘tilgan. Shunga asosan, Davlat soliq qo‘mitasining tegishli buyrug‘i bilan farmon ijrosini ta’minlash bo‘yicha soliq organlariga topshiriqlar berilgan.
Ammo, ko‘pchilik yoshlar fikriga ko‘ra, aksariyat tashkilotlarda bu imtiyoz amalda qo‘llanilmayapti. Shu boisdan, yoshlarga eslatib o‘tmoqchimizki, agar ta’lim muassasasini tamomlaganingizga uch yil to‘lmagan, birinchi marta ishga qabul qilingan, shuningdek, hali ish joyingizni o‘zgartirmagan bo‘lsangiz, Prezident Farmonida belgilangan soliq imtiyozlari haqida idorangiz hisobchisiga aytib, imtiyozdan unumli foydalaning.
A.BERDIYeV,
tuman Davlat soliq inspeksiyasi
bo‘lim boshlig‘i.