Yoshlar yetakchilari ishonchni qay darajada oqlayapti?
Mahallalarda yoshlar yetakchisi vazifasi joriy etilganiga ham bir yil bo‘ldi. Shu vaqt mobaynida viloyatimizning turli hududlarida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan yetakchilar samarali ishladi, ammo aksariyati o‘z vazifasiga sidiqidildan yondashib ish yurityapti, deb bo‘lmaydi.
Yaqinda olis hududda emas, Samarqand shahrida yashovchi yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar, ular o‘rtasida o‘tkazilayotgan tadbirlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun ko‘rsatilayotgan moddiy va ma’naviy yordam bilan tanishish maqsadida Qavola mahallasida bo‘ldik. Dastlab shu hududda joylashgan 75-umumiy o‘rta ta’lim maktabining yuqori sinf o‘quvchilari bilan uchrashdik. Suhbat davomida ularning aksariyati yoshlar yetakchisini tanimasligi ma’lum bo‘ldi.
Shundan so‘ng mahalla yoshlar yetakchisi Jo‘rabek Aliyevning ish jarayoni bilan yaqindan tanishishga harakat qildik.
- 2022 yil yanvar oyida ish boshlagandim, - deydi u. – Bir yil davomida mahallamizda yoshlar orasida bironta ham jinoyat qayd etilmagani yutug‘imiz. Ammo o‘tkazilgan “Besh muhim tashabbus” olimpiadasi doirasidagi tanlov va musobaqalarning ikki mavsumida ham mahallamiz yoshlari o‘rin ololmagani achinarlidir.
Biz mahalladagi yordamga muhtoj yoshlarning qay darajada qo‘llab-quvvatlanayotgani bilan qiziqdik.
- Mahallamizda o‘tgan yil davomida 29 nafar yigit-qiz “Yoshlar daftari”ga kiritildi, - dedi J.Aliyev. – Ularning 23 nafariga yordam ko‘rsatilib, “daftar”dan chiqarildi. Qolgan 6 nafar yoshning 3 nafari “Kelajak kasblari” loyihasi asosida tayyorlov markazida, 1 nafari “Monomarkaz”da o‘qiyapti. Ikki nafari subsidiya asosida uskunalar olish arafasida turibdi. Tez kunda ular ham “daftar”dan chiqariladi.
Mahalla yoshlar yetakchisining aytishicha, 2022 yilda “Yoshlar daftari”ga kiritilib, subsidiya asosida uskunaga ega bo‘lgan yoshlar orasida Firdavs Jalolov bor. Berilgan payvandlash uskunasidan bu yigit qay darajada foydalanayotgani bilan ham qiziqdik. Ammo yetakchi negadir bizni Firdavs bilan uchrashtirgisi kelmay tikuv mashinasi olgan yoshning faoliyati bilan tanishishga taklif qildi. Afsuski, uni ham topolmadik. So‘ngra payvandlash uskunasi olgan yigit bilan telefon orqali bo‘lsa ham bog‘lanishimiz kerakligini aytdik. Yetakchi Firdavs bilan emas, uning akasi bilan bog‘lay oldi, xolos.
- Ukam Moskvada, - dedi Savlat Jalolov. – O‘tgan yilimi, shu yilimi, subsidiya asosida payvandlash uskunasini olgan edi. Dekabr oyida qarindoshlarimiz taklifi bilan Rossiyaga ketdi, 25 yanvargacha qaytadi.
Yoshlar yetakchisining esa Firdavs horijga ketganidan xabari yo‘q ekan. Biz 25 yanvar kuni Savlat Jalolov bilan bog‘langanimizda sovuq ob-havo sababli ukasi hali O‘zbekistonga qaytmaganligini ma’lum qildi. Keyin u bilan telegram orqali bo‘lsa ham bog‘lanishga harakat qildik.
- O‘tgan yili payvandlash uskunasi olganim rost, - dedi Firdavs. – Bu uskunani qo‘ni-qo‘shnilarning u-bu ishi chiqib qolsa ishlataman. Ammo har yili qishda uch oy xorijda ishlab qaytaman.
Mahalla yoshlar yetakchisi esa biz bilan suhbatda berilgan har bir uskunaning ishlatilishi qat’iy nazoratga olingani, aks holda ijtimoiy yordamga muhtoj yoshlarning sharoitini yaxshilab bo‘lmasligi haqida gapirgandi. Shuningdek, u xorijga ketgan har bir yosh bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali bog‘lanib turishini ham ta’kidlagandi.
Kelajak yoshlar qo‘lida. Davlatimiz rahbari ham, xalqimiz ham ularga ishonadi. Hamma gap ular bu ishonchni qay darajada oqlashida.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV,
Jasurbek ShUKUROV.