Yoshlar yetakchisi lavozimini joriy etish qanday naf beryapti?

Faoliyatini boshlaganiga ko‘p bo‘lmasa-da yoshlar muammolarining yechim topishida yoshlar yetakchilarining o‘rni sezila boshladi. Ular eng quyi bo‘g‘in - mahallada tadbirkorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, sportni ommalashtirish, kitobxonlikni targ‘ib qilish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va huquqiy savodxonligini oshirish yo‘nalishlaridagi ishlarni tizimli amalga oshirishga ko‘maklashyapti.

Kattaqo‘rg‘on tumanining 69 ta mahallasida yoshlar yetakchilari ayni shu yo‘nalishda samarali ish olib boryapti.

- Bugungi kunda Mundiyon, Nisbat, Qiyot, Burgansoy, Zarqo‘rg‘on va Saroyqo‘rg‘on mahallalaridagi yoshlar yetakchilari intiluvchanligi, muammoga to‘g‘ri yondashishi bilan boshqa yetakchilarga namuna bo‘lyapti. - deydi tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Dilshod Ismoilov. – Albatta, bu yangi tizim. Ayrim yetakchilar hali o‘z ishini to‘laligicha tushunib yetgani yo‘q. Shu sababdan ularning hamkorligini yo‘lga qo‘yib, samarali ishlayotgan yetakchilarning faoliyatini ommalashtiryapmiz. Tanlab olingan yetakchilarning 70 foizdan ortig‘i oliy ma’lumotli.

Rustam Ergashev tumandagi faoliyati ommalashtirilayotgan yoshlar yetakchisi. U “Nisbat” mahalla fuqarolar yig‘inida ish boshlaganiga ko‘p bo‘lmasa-da, mahalla yoshlarining chinakam yetakchisiga aylangan.

- Haftaning har bir kuniga alohida tadbirlar belgilangan, - deydi R.Ergashev. – Masalan, bugun chorshanba – tadbirkorlik kuni. Kun davomida mahallada tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar hamda ijtimoiy daftarga kiritilgan yoshlarning bandligini ta’minlash bo‘yicha murojaatlarni o‘rganaman.

– Rossiyada ishlab kelganimdan so‘ng ish masalasida yoshlar yetakchisiga murojaat qildim, - deydi mahallada yashovchi yoshlardan biri Habibullo Rahmatov. - Menga qishloq xo‘jaligi uchun ajratilgan maydondan 20 sotix yer berildi. Yarmiga mosh, qolgan yarmiga no‘xat ekdim. Hosilni yig‘ib olgandan so‘ng, takroriy ekinga sabzi ekishni rejalashtiryapman.

Mahallaning yoshlar yetakchisi kunning ikkinchi yarmida mahalla sport majmualari, maktab, kasb-hunar muassasalaridagi sport zallarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida musobaqa va ko‘rik-tanlovlar tashkil etadi.

- Sport yo‘nalishida tahsil olganim bois mahalla va maktab o‘quvchilarini sport turlariga qiziqtirish maqsadida stol tennisi, voleybol, futbol musobaqalarini tez-tez tashkil qilyapman, - deydi Rustam. – Qilayotgan ishlarimiz samarasi o‘laroq, sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishyapmiz.

Mahalla yoshlari bo‘sh vaqtida maktab sport zalida stol tennisi, voleybol o‘ynaydi. Voleybolchi qizlar jamoasi tuman hamda viloyat miqyosidagi musobaqalarda nomdor jamoalardan.

- 6-sinfligimdan voleybol to‘garagiga qatnashaman, - deydi 11-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Gulmira Nosirova. - Shu paytgacha jamoamiz bilan yaxshi natijalarga erishdik. Mahallamizga yoshlar yetakchisi kelgach sportning boshqa turlari ham rivojlanyapti. Sport anjomlari yangilandi. Voleybol musobaqasida tumanda birinchi o‘rinni egallab, viloyat bosqichida munosib qatnashdik. 

Yoshlar yetakchisi lavozimini joriy etishdan maqsad mahallada yoshlar bilan samarali ishlash, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish hamda hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashishdan iborat. Aytish mumkinki, bu, Nisbat mahallasi yoshlari hayotida o‘z tasdig‘ini topyapti.

Sulaymon Mardiyev, To‘lqin Siddiqov.