Yoshlar yetakchisi tashabbusi bilan mahallada kutubxona tashkil etiladigan bo‘ldi

Haftaning har payshanbasi “Yoshlar kuni” sifatida belgilangan bo‘lib, joylarda rahbar va yoshlar uchrashuvlari o‘tkazilmoqda. Ushbu muloqotlarda yoshlarning muammolarini tinglash, ularga yechim topish hamda ilgari surilayotgan taklif va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ayni paytda Kattaqo‘rg‘on shahrida viloyat hokimining o‘rinbosari Husan To‘xtayev, shahar hokimi Gavhar Alimova hamda yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Azizova ishtirokida o‘tkazilayotgan ochiq muloqotda yoshlar bandlik, startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish va sport to‘garaklarini ochish masalalarida rahbarlarga murojaat qilmoqda.

Jumladan, shahardagi Amir Temur mahallasi yoshlar yetakchisi Doston Shukrullayev mahallada kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish maqsadida kutubxona tashkil etish taklifini ilgari surdi. Ushbu tashabbus qo‘llab-quvvatlanib, mahalla binosida tashkil etiladigan kutubxona kompyuter, kitoblar jamlanmasi hamda zarur jihozlar bilan ta’minlanadigan bo‘ldi.

Joylarda rahbar va yoshlar uchrashuvlari davom etmoqda.