“Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi yoshlarga qanday yordam beryapti?
Yoshlarning biznes tashabbuslari, startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlikka o‘qitish, yosh tadbirkorlarning istiqbolli g‘oya va loyihalarini ro‘yobga chiqarish, shu asosda yoshlar bandligini ta’minlash «Yoshlar - kelajagimiz» jamg‘armasining asosiy vazifasi. Xo‘sh, jamg‘armaning viloyat filiali shularni bajaryaptimi?
- Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasi, tadbirkorlik biznes oliy maktabi viloyat filiali, «German sparkassenstiftung» jamg‘armasi hamda tuman va shahar hokimliklari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz, - deydi «Yoshlar - kelajagimiz» jamg‘armasi viloyat filiali rahbari Dilshod Nabiyev. - Jumladan, hamkor tashkilotlar ko‘magida viloyatimizning 15 ming nafardan ziyod tashabbuskor yoshlariga tadbirkorlik, biznes loyihalar, agrar soha, kredit va soliq siyosati, xorijiy til va zamonaviy kasblarga o‘qitish yo‘nalishlarida tushunchalar berilib, 3000 ga yaqin yoshlarga oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlar dasturlari orqali 4 milliard so‘mlik loyihalari moliyalashtirilishiga ko‘mak berildi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 21 dekabrdagi «Yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish va ularning biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, viloyatda o‘tgan yil yosh tadbirkorlarning 104 ta loyihasi o‘rganib chiqildi va ularning 64 tasi besh bosqichda manzilli tasdiqlanib, maxsus sertifikatlar bilan hududiy tijorat banklariga yo‘naltirildi.
Xususan, 2022 yilda Milliy bank viloyat filialining tuman va shahar bo‘limlari tomonidan 21 milliard 89 million so‘mlik 33 ta loyihaga 15 milliard 484 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘i ajratilib, 200 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Shu bilan birga, yoshlarning innovatsion, amaliy va istiqbolli startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash borasida maxsus o‘quvlar tashkil etilib, respublika komissiyasi tavsiyasi bilan 4 nafar yoshning 200 million so‘mlik loyihalari jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtirildi.
Joriy yil maktab o‘quvchilarini zamonaviy kasblarga va tadbirkorlik faoliyatiga o‘qitish yuzasidan jamg‘armaning viloyat filiali tomonidan Samarqand shahri (65-81-71-maktablar), Past Darg‘om (21-56-111-maktablar) va Urgut tumanlaridan (28-48-102-maktablar) namuna asosida tanlab olingan maktablarga jamg‘arma tomonidan ko‘mak ko‘rsatildi va hududga yaqin tadbirkorlar ro‘yxati shakllantirilib, maktablarga biriktirildi.
2023 yil davomida jamg‘arma filiali va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda loyihalarni moliyalashtirish, motivatsion tadbirlar, forum va yarmarkalar, biznes sayohatlar, ko‘rgazmalar, konsalting xizmatlari, xalqaro aloqalar, elektron bozor, biznes markazlar yo‘nalishlarida uchrashuv va o‘quvlar tashkil qilinib, yoshlarning eng yaxshi loyihalari saralab olinadi va faoliyati qo‘llab-quvvatlanadi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.