Yoshlar konstitutsiyasi - yangilanayotgan qomusimiz bizga nima beradi?

Hozirgi shiddat bilan rivojlanib borayotgan zamonda agar siz bir lahza befarqlik yoki loqaydlikka yo‘l qo‘ysangiz odamlardan ortda qolib ketasiz. Biz ko‘rayotgan yangi texnologiyalar, sun’iy intellektlarning paydo bo‘lishi, ularning inson kabi fikrlay boshlashi bizni yanada hushyor va zamon bilan hamnafas bo‘lishga undaydi.

Shu bilan bir qatorda 1992 yilda qabul qilingan davlatimiz qomusi - Konstitutsiyamizni ham yangilash zamon talabiga aylanib ulgurdi. Keyingi yillarda qilingan islohotlar nafaqat insonlarning dunyoqarashini, balki jamiyatimizning umumiy ongini va talabini ham yuksak saviyaga ko‘tarishga xizmat qilmoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan yangi qonunlar qabul qilishni, mavjudlarini esa takomillashtirishni talab etmoqda.

Bizning konstitutsiyamizga o‘zgartish kiritish ham zamon talabi, desak xato bo‘lmaydi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan bugunga qadar 220 mingdan ortiq takliflar kelib tushgan bo‘lsa, ularning 60 foizdan ortig‘i bevosita yoshlar tomonidan berilgan. Shuning uchun ham yangilanayotgan Konstitutsiyada yoshlarga oid qator normalar, hatto bitta alohida bob «Oila, bolalar va yoshlar» masalasiga bag‘ishlandi.

Yoshlarning ta’lim olishiga alohida e’tibor qaratilib, davlat endilikda nafaqat umumiy o‘rta ta’lim, balki boshlang‘ich professional ta’lim olishni ham bepul bo‘lishini kafolatlaydi. Eng muhim yangiliklardan biri, bu – alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim va tarbiyaning ta’minlanishi bo‘ldi. Jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim tashkil etiladi. Bu norma shunday nuqsonlarga ega bolalarimizning yakkalanib qolmasligi, jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida shakllanishi va kamol topishi uchun juda muhimdir.

Keling, holatga real qarasak, hozir yoshlarimiz eng ko‘p foydalanadigan va o‘z fikrlarini bildiradigan joy bu - internet. Endi yangi konstitutsiyamizga ko‘ra. har kim yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga ega bo‘ladi. Ushbu huquqning cheklanishiga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi. Fikrimcha, ushbu norma hattoki internet tarmog‘ida ham yurtdoshlarimizning huquqlarini kafolatlab, ularning xavfsizligini Konstitutsiya darajasida himoya qiladi.

Allayor Norboyev,
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti yoshlar yetakchisi.