Yoshlar kuni oldidan Bastam uyli bo‘ldi
“Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostidagi festival bugun Qo‘shrabot tumanida davom etmoqda.
Erta tongdan “Sog‘lom hayot uchun besh ming qadam” yurish marafoni bilan boshlangan tadbirlar sport musobaqalari, madaniy-ma’rifiy kechalar, mushoiralar va turli xil tanlovlar bilan davom etdi.
Qo‘shrabotlik yoshlardan biri Bastam Abdug‘aniyev uchun bugun unutilmas kun. Tumanning Mustaqillik mahallasida qurilgan ko‘p qavatli uyning ikki xonali kvartiralaridan biri unga sovg‘a qilindi.
Onamning qaramog‘idan mahrum bo‘lganman, - deydi u. – Otam vafot etgan. Qiynalib, o‘ylanib yurgandim. Yoshlar kuni oldidan kutilmaganda menga yangi xonadon sovg‘a qilindi. Yashash uchun barcha sharoitlari mavjud. O‘zbekiston farzandi ekanligimdan faxrlanyapman. Endi yangi uyda oila qurib, shu vatan uchun mehnat qilaman, yurt koriga yaraydigan farzandlarni voyaga yetkazaman, degan umiddaman.
Bir so‘z bilan aytganda, yoshlar oyligi doirasida o‘tkazilayotgan festival yigit-qizlar uchun imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
To‘lqin Siddiqov,
Bobur Mamadiyorov.