"Yoshlar murabbiysi”: Oqil, dono, farishtasifat, g‘amxo‘r keksalar bu maqomga ega bo‘la oladi

Bu gap bugun Samarqand shahrida nuroniylar o‘rtasida o‘tkazilgan “Yoshlar murabbiysi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida ko‘p takrorlandi.
- Bunday tanlovlarni tashkil qilishdan maqsad keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rni va ijtimoiy faolligini oshirish, - dedi dastlab viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining keksalar va faxriylar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari Saidahmad Usmonov. – Shuningdek, yosh avlodni xalqimizning ko‘p asrlik an’analariga hurmat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, faoliyati davomida yuzaga kelayotgan muammolarini hal qilishda nuroniylar faollik ko‘rsatishi kerak.
Tanlovda viloyatimizning 16 ta tuman (shahar)idan kelgan 32 nafar otaxon va onaxon uchta shart bo‘yicha bellashdi.
Birinchi shartda ishtirokchilar mahallalarida amalga oshirilgan ishlarning taqdimoti bilan tanishtirdi. Ikkinchi shartda yoshlar o‘rtasidagi muammoli savollarga javob berildi va so‘nggi shartda har bir nuroniy yoshlar bilan samarali muloqot olib borish bo‘yicha ijodiy salohiyatini namoyish qildi.
Ishtirokchilarning har bir chiqishi viloyatning faol jamoatchi nuroniylari va faxriylari tomonidan baholab borildi.
Yakunda narpaylik Bozor Hasanov birinchi, Kattaqo‘rg‘on shahridan Bahriddin Shamamatov ikkinchi va bulung‘urlik Jumaqul Qulmatov uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Onaxonlar o‘rtasida esa bulung‘urlik Norbuvi Umarova birinchi, paxtachilik Zebo Mirzayeva ikkinchi hamda Kattaqo‘rg‘on shahridan Bashorat Teshayeva uchinchi o‘rinni egalladi.
Tanlov so‘ngida g‘oliblar va faol nuroniylarga mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasining diplom, tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.