Yoshlar o‘rtasidagi oilaviy ajrimlar nega ortmoqda?
– Eringga gap qaytarma, qizim.
– Qaynonang bilan aytishma.
– Qaynotangning ko‘ziga tik qarama, ranjitma uni.
Judayam oqilona pandu nasihatlar, to‘g‘ri emasmi? Illo, bo‘y qizimizning axloq-odobi yaxshi-yu, biroq asablari qay xilda, mustahkammi, zaifmi, bu xususda o‘ylab ko‘ramizmi? Yo‘q. Aslo!
– Nigoramizning asabi chatoqda, dadasi.
– Ay, qo‘y, asabi chatoq emas odam bormi hozir.
Turmush ko‘rgach, asabiyam, boshqasiyam joyiga tushib ketadi, ana, ko‘rasan.
– Axir u "betgachopar", dadasi, asablari zaif, o‘zini tutolmay qoladi gohida. Sal jig‘iga tegdingizmi, bas, lov etib yonadi, og‘zidan nima gap chiqayotganini ham bilmay, shang‘illayveradi! Biz-ku uning bu odatiga ko‘nikib qolganmiz, ammo qudalar…
– Bosilib ketadi hali, ko‘rasan. Bitta bizning qizimiz ana shunaqangi tegmanozikmi, qo‘rqma, onasi.
Gap shu bilan tugaydi. O‘sha "asabi chatoq" bo‘y qiz erga chiqib, to‘y bo‘lib ketadi-da, oradan olti oy ham o‘tmasdan boshlanadi mashmasha.
"E, tili zahar ekan-ku buni", "betgachopar, asabiy", "shaqshaqi" ekan-ku qizingiz, olib keting, o‘zingizga buyursin, "razvod" beradi o‘g‘lim". "Na qaynonani biladi, na qaynota, qayinsingilni, asabi kasalga o‘xshaydi. Asabi!
Ha, "ko‘ngil oldindan payqaydi, dalolat beradi", deganlari rost – onaning to‘y oldidan qilgan xavotiri o‘rinli ekan, mana oqibat… Ajrim!
Agar o‘shanda ona eri bilan bahslashib o‘tirmasdan qizini nevropotolog yoki ruhshunos qabuliga olib borib davolatganida, olam guliston edi.
Ta’lim dargohlarida tibbiy ko‘rik o‘tkazganimizda qariyb sakson foiz bokira qizlarda turli darajadagi asab tizimi buzilishlari aniqlandi. Bu juda salmoqli raqam, axir.
Hali turmushga chiqmagan bo‘y qizlarning endokrin-asablari tizimida biz istasak-istamasak, turli xil buzilishlar yuzaga kelishi tabbiiy hol. O‘sha chog‘lari ularni shoshilib turmushga uzatib yuborish yaxshilikka olib kelmaydi. To‘y bo‘lib o‘tgach, shu holatdagi qizlarning qaynota-qaynona, qayinsingillarga jizzaki muomala qilishlari ham tabiiy hol. Hech kim aybdor emas bu yerda.
Zero, tibbiy jihatdan balog‘at yoshidagi qizlardagi "asabiy-endokrin qo‘zg‘alishlarning bosilgan davri" ular yigirma yoshga to‘lganlaridan so‘nggina yuz beradi. Sabr qilaylik axir! Sabr…
Murodim UMRZOQOV, nevropotolog-ruhshunos.