Yoshlar parlamenti qanday tashkil etildi? Maqsad va vazifalari nimalardan iborat?
Shu va boshqa savollarga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi “Yoshlar parlamenti” komissiyasi raisi Abdulla Aslanovning javoblari
– “Yoshlar parlamenti”ning tashkil qilinishi bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 2 martdagi Farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturining 21-bandi ijrosini ta’minlash bilan bog‘liq. Davlat dasturida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining har ikkalla palatasi huzurida Yoshlar parlamentlarini tashkil etish va ularning tarkiblarini shakllantirish tartibini belgilash nazarda tutilgan edi. Keng muhokamalar va xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, 29 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi o‘rtasida Qonunchilik palatasi huzurida “Yoshlar parlamenti”ni tashkil etish bo‘yicha bitim imzolandi. Mazkur bitim bilan “Yoshlar parlamenti” respublika komissiyasi, Nizomi, Reglamenti va tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi.
Parlamentning tuzilshi va faoliyatining shakli jihatdan Qonunchilik palatasiga mos ravishda shakllantirilgan. Bu esa o‘z navbatida, yoshlarning parlament faoliyatini yaqindan bilishiga xizmat qiladi. Mazkur parlamentning Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda tuzilganligi esa, qonun ijodkorligi jarayoniga qo‘proq yoshlarni jalb qilish imkoniyatini beradi.
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqiy ongi va savodxonligini oshirish, jamiyatda yoshlarni siyosiy faol qatlamga aylantirish hamda ularning siyosiy-huquqiy bilim va ko‘nikmalarini amalda boyitish, qonunchilik va qonun ijodkorligi jarayoniga yoshlarni jalb qilish va qabul qilinayotgan qonunlarni yoshlar orasida keng targ‘ib qilish orqali ularning parlament hayotiga daxldorligini oshirish “Yoshlar parlamenti”ning asosiy maqsadi etib belgilandi.
Yoshlarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish; qonun ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyotining dolzarb muammolarini yoshlar ishtirokida muhokama qilish va ularni bartaraf etishga qaratilgan takliflar tayyorlash; qonunchilik texnikasi, qonun loyihalarini yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish qoidalari, huquq ijodkorligi masalalari bo‘yicha amaliy muhokamalarni tashkil etish; yoshlarning siyosiy bilimlarini oshirish, ularda vatanparvarlik ruhini kuchaytirishda vakillik organlari bilan hamkorlik qilish kabi muhim vazifalar ham Nizom bilan tasdiqlandi.
– “Yoshlar parlamenti” o‘ziga yuklatilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirishda qanday huquqlarga tayanadi? Ya’ni ularga qanday huquqlar berilgan?
– Yuqorida belgilangan maqsad va vazifalarni bajarishda “Yoshlar parlamenti”ga keng huquq va imkoniyatlar berilgan bo‘lib, ular quyidagilardan iborat:
Davlat hokimiyati organlaridan, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlaridan, ta’lim va ilmiy muassasalardan, boshqa tashkilotlardan “Yoshlar parlamenti”ning vakolatlariga kiritilgan masalalarni tayyorlash uchun zarur bo‘lgan hujjatlar, materiallar va ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi bilan kelishgan holda so‘rash hamda olish;
Ta’lim va ilmiy muassasalarning, markazlarning, huquqni qo‘llovchi organlarning elektron ma’lumotlar bazalaridan (banklaridan), axborot-kutubxona resurslaridan belgilangan tartibda foydalanish;
Qonunlar loyihalari yuzasidan takliflar tayyorlash, tadbirlar o‘tkazish hamda “Yoshlar parlamenti”ning vakolatiga kiruvchi boshqa vazifalarni amalga oshirish uchun olimlar, mutaxassislar orasidan ishchi guruhlar tashkil etish;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining, ular kengashining, qo‘mitalari va komissiyalarining, deputatlar birlashmalarining majlislarida ishtirok etish;
Tegishli xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan belgilangan tartibda o‘zaro tajriba va axborot almashishni amalga oshirish.
– “Yoshlar parlamenti”da saylash va saylanish hamda muddatlari qanday tartibga solinadi?
– “Yoshlar parlamenti”ga saylovni tashkil etish va o‘tkazish uchun Respublika komissiyasi tomonidan saylovga kamida o‘n besh kun qolganida O‘zbekiston Respublikasi hududidagi barcha tuman (shahar)larda tuman (shahar) komissiyasi tuziladi.
“Yoshlar parlamenti”ga 18-30 yoshdagi O‘zbekiston fuqarosi 2 yil muddatga saylanadi (muomalaga layoqatli bo‘lmaganlar, jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotganlar mustasno). “Yoshlar parlamenti”ga a’zolarni saylash uchun hududiy komissiyalar tashkil etiladi. Komissiya 2 bosqichda saylov jarayonlarini tashkil qiladi.
Birinchi bosqichda nomzodlar o‘zining saylovoldi dasturi taqdimoti bilan tuman (shahar) komissiyasida ishtirok etadi.
Birinchi bosqich yakuni bo‘yicha komissiya 5 nafar nomzodni (har bir siyosiy partiya bir nafardan) yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylaydi.
Ikkinchi bosqichda nomzodlar saylovoldi dasturi taqdimoti bilan tegishli tuman (shahar) xalq deputatlari Kengashida ishtirok etadi. Tegishli tuman (shahar) xalq deputatlari Kengashi 1 nafar nomzodni yashirin ovoz berish yo‘li orqali saylaydi.
– “Yoshlar parlamenti” a’zolariga qanday maqom beriladi? Yoshlar parlamenti kimga hisob beradi?
– “Yoshlar parlamenti” o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, tegishli siyosiy partiyalar va O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga hisobdor bo‘lib, “Yoshlar parlamenti”ning a’zosi parlamentning vakolatlari muddatiga jamoatchilik asosida saylanadi.
“Yoshlar parlamenti” a’zosiga komissiya tomonidan guvohnoma va ko‘krak nishoni beriladi.
– “Yoshlar parlamenti”ning faoliyati qanday tashkil qilinadi?
– “Yoshlar parlamenti” faoliyatining tashkiliy shakli uning qoida tariqasida, yiliga kamida ikki marta o‘tkaziladigan yalpi majlislaridir. Bu majlislar ochiq va oshkora o‘tkaziladi.
– “Yoshlar parlamenti” yoshlarga nima beradi? Ularning kelajakdagi faoliyatiga o‘zining qanday ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi?
– Eng avvalo, bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirok etish imkoniyatini beradi. Ya’ni bu jarayonda yoshlarga ularning hayotiga taaluqli masalalarda Qonunchilik palatasiga taklif kiritish huquqi berilgan.
Shuningdek, Nizomda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi tomonidan “Yoshlar parlamenti” a’zolariga davlat organlari, korxona, muassasa va tashkilotlarga ishga qabul qilinishlari jarayonida tavsifnomalar berilishi belgilangan. Bu esa o‘z navbatida yoshlarga har tomonlama katta ishonch hissini beradi.