Yoshlar turizm bo‘yicha hamkorlik qiladi

Forum ishtirokchilari dastlab "Konigil-meros" korxonasida Samarqand qog‘ozining qadimiy usulda ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi. "SamAntepgilam" qo‘shma korxonasida zamonaviy texnologiyalar asosida tayyorlanayotgan gilam va gilam mahsulotlari tadbir qatnashchilarida qiziqish uyg‘otdi.
Amir Temur maqbarasi, Registon majmuasi singari bir necha asrlik tarixga ega obidalarning o‘ziga xos arxitekturasi, ularning ko‘rku salobati rossiyalik mehmonlarda unutilmas taassurot qoldirdi. 

Forum doirasida Samarqand iqtisodiyot va servis institutida "O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida yoshlar turizmini rivojlantirish masalalari va istiqbollari" mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.
O‘zbekiston turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi D.Narziqulov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi huzuridagi yoshlar turizmi agentligi direktori A.Norxo‘jayev yurtimizda sayyohlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida yoshlar turizmiga ham alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. 

O‘z navbatida rossiyalik yoshlar o‘z mamlakati turizm salohiyati, xususan, yoshlar uchun yaratilgan qulayliklar haqida ma’lumot berdi.
– Toshkent, Buxoro va Samarqand shaharlari bilan tanishib, O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish imkoniyatlari keng ekanligiga amin bo‘ldik, – deydi Rossiya yoshlar ittifoqi raisi o‘rinbosari T.Seliverstova. – Bu, avvalo, yoshlarning o‘z tarixi, madaniyatini puxta o‘rgangan holda kamolga yetishiga yordam beradi. Mazkur tarmoqda o‘zbekistonlik yoshlarning ham faol ish olib borayotgani, ko‘plab loyihalar hayotga tatbiq etilayotgani esa juda quvonarlidir. O‘ylaymanki, bu borada hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishimiz o‘zbek va rus yoshlari uchun har tomonlama manfaatli bo‘ladi.
Davra suhbati yakunida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi huzuridagi yoshlar turizmi agentligi hamda Rossiya Federatsiyasining Volgograd shahri ma’muriyati yoshlar siyosati va turizm masalalari qo‘mitasi o‘rtasida sayyohlik sohasida hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi.
Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari M.Voseyev ishtirok etdi. 

O‘z muxbirimiz.