Yoshlar uylariga talab kamaydi. Nega?

Ma’lumki tasdiqlangan Nizomga muvofiq, ipoteka krediti asosida yoshlar uylaridan kvartira sotib olish huquqiga turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtojlar sifatida hisobda turgan hamda fan, san’at, adabiyot, sport va boshqa sohalarda yuksak natijalarga erishgan yosh oilalar ega.

- Samarqand viloyatida 2018 yilda 136 ta xonadon, 2019 yilda 83 ta xonadon, 2020 yil 169 ta xonadon yosh oilalarga topshirilgan, - deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat bo‘limi mutaxassisi G‘anisher Axtamov. - Samarqand shahri hududida 2020 yil uchun alohida na’muna ko‘rsatayotgan yosh oilalarga 17 ta, viloyatimizning qishloq joylarida esa 35 ta uy qurilishi belgilangan. Bugun yoshlar uylariga talab biroz kamaydi. Bunga Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 11 sentyabrdagi “Mamalakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2020 yilda beriladigan uylarning dastlabki badal to‘lovi yosh oilalarning o‘z mablag‘lari hisobidan to‘lanishi belgilanganligi sababdir.

To‘lqin SIDDIQOV.