Yoshlarning tarbiyasi nega buzilyapti?

 “O‘zingdan kattalarga salom ber, ustozlaringa gap qaytarma, har joyga chiqindi tashlama, avtobusga chiqqanda kattalarga joy ber, o‘rtoqlaring bilan janjallashma, darsingni vaqtida tayyorla...” va hokazo. Uyda yoshi kattalar bu gaplarni bolaligimizdan qulog‘imizga quyishgan. Ammo hamma davrning kattalarga quloq soladigan mo‘min-qobil, odobli yoshlari bilan birga “quloqsiz”, “buzg‘unchi” yoshlari ham bo‘ladi. Xo‘sh, bu odatlar yoshlarda qanday shakllanadi?

Keling, bu haqda fikr yuritishni bolalar tarbiyasida kim yoki nima muhimligidan boshlaymiz.

 Tarbiya oiladan boshlanadi

Bolaning tarbiyasi, dunyoqarashi oila muhitida shakllanadi. Maktabda, litseyda, texnikumda, oliy o‘quv yurtida bolaga asosan ta’lim beriladi. Masalan, maktabda o‘qituvchi 45 daqiqa davomida o‘quvchilarni yo‘qlama qiladi, o‘tilgan mavzuni so‘rab baholaydi, yangi darsni tushuntirib, uyga vazifa beradi. Bu jarayonda o‘qituvchi tarbiya haqida 5 daqiqa yo to‘xtaladi yoki yo‘q. Professional va oliy ta’limda bu haqda gapirmasa ham bo‘ladi. Shu bois, bu dargohlarda beriladigan tarbiya va mahalla ahlidan olinadigan ibrat oilada berilgan tarbiyaga faqat qo‘shimcha bo‘lishi mumkin. 

- 30 yildan buyon boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga dars beraman, - deydi urgutlik faxriy o‘qituvchi Murodilla Eshonqulov. – Bolalar maktabga “suyagi qotgan” holda keladi. Chunki dastlabki tarbiya oilada berib bo‘linadi. Dars vaqtida, o‘quvchilarning yurish-turishi va o‘zini tutish jarayonlarida esa kim qanday tarbiya ko‘rgani oydinlashib qoladi. Rosti, hozir farzandining kelajagi haqida qayg‘uradigan ota-onalar kamayib bormoqda. Jumladan, maktabda o‘tkaziladigan ota-onalar yig‘ilishlarida aksariyat hollarda o‘quvchilarning qarindoshlari keladi va ota-onasi ishdaligi aytiladi. Farzandining kelajagi uchun qayg‘urmagan, unga vaqt ajratmagan ota-ona kelgusida undan puch orzularni kutadi, xolos. Aksincha, qaysidir ota-ona oilasida yaxshi amallari bilan farzandiga o‘rnak bo‘lsa, uni ham shunga o‘rgatsa, kelajakda albatta rohatini ko‘radi va bu ta’limda ham bo‘y ko‘rsatadi.

 Odam va “maymun”

Bugungi kunda turli gadjet va mobil aloqa vositalari yoshlarga ikkinchi tarbiyachi vazifasini bajarmoqda. Bunga esa ota-onalarning o‘zi sababchi bo‘lyapti. Hozir ikki yoshga to‘lmagan bola ham telefon nimaligini, qanday vazifa bajarishini biladi. Chunki uyda yoshi kattalar telefon ishlatishni bolalarga o‘rgatgan va o‘sha jarayondagi harakatlarni o‘zlashtirgan. Tabiiyki, yosh bola ko‘rgan narsasini bajarishga urinadi. Bunday vaziyatda ko‘pchilik ota-onalar bolasidan xursand bo‘lib, bolaga telefondan foydalanishga ko‘proq imkoniyat yaratib bermoqda, yig‘lasa ham telefondagi qiziqarli narsalar bilan ovutyapti. Oqibatda XXI asr bolasi mobil qurilmalarga o‘rganib qolmoqda. Qarabsizki, bu odatlar shakllanib, bolalar maktab yoshiga yetgunga qadar virtual olam va uning imkoniyatlaridan foydalanishni o‘rganib olmoqda.

Ayniqsa, keyingi paytda ommalashib borayotgan totalizator o‘yinlar, turli ko‘ngilochar dasturlar muxlisi va ishtirokchisiga aylanmoqda. Eng yomoni, mobil qurilmalar tarqatayotgan radiatsiya nurlari orqali turli kasalliklarga chalinyapti, buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib, dunyoqarashi ham o‘zgaryapti. 1930 yilda Uintrop Kellog psixologlar oilasi yangi tug‘ilgan maymunning bolasini o‘zlarini Donald ismli farzandi bilan birga tarbiyalamoqchi bo‘lishadi. Maqsad, maymunni tarbiyalab, odam qilish edi. Biroz vaqt o‘tib, yosh oila maymundan voz kechadi, sababi, ularning farzandi o‘zini xuddi maymunlardek tuta boshlagan edi.

Hozirgi axborot texnologiyalari asrida bunday qurilmalar hayotimizning bir qismiga aylanib bo‘lgan va ulardan voz kechib bo‘lmaydi. Lekin har bir ota-ona farzandiga bunday vositalardan foydalanishni cheklashi, ularning tarbiyasida kim va nima ta’sir ko‘rsatayotganini nazoratga olishi hamda har jabhada farzandiga o‘rnak bo‘lishi kerak. Aks holda bola “maymun”larga o‘xshab qolishi hech gap emas.

Nuroniylar hayoti yoshlarga ibrat

Bilasizmi, faqat yurtimizda bir bolaga ota-onasidan tashqari bobo-buvisi, qarindoshlar, hatto qo‘ni-qo‘shnilar ham mas’ul ekan. Ya’ni, o‘rni kelganda tarbiyani ular ham beraveradi. Chet elda esa mutlaqo buning aksi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, aksariyat ota-ona ishda yoki uy-ro‘zg‘or yumushlari bilan band bo‘lib, farzand tarbiyasiga kam vaqt ajratadi va bolalarning tarbiyasi bilan bobo-buvilari shug‘ullanadi. Esimda, yoshligimdan bobom va buvimning ertaklari, o‘gitlarini eshitib katta bo‘lganman. Hozir esa ota-onam farzandimga ana shunday pand-nasihatlar berayotganini ko‘raman.

 Bizda ajdodlar va avlodlar o‘rtasidagi ko‘prik - bu milliy qadriyatlar, an’analardir. Buni yoshlar ongiga singdirish, har tomonlama barkamol, sog‘lom avlodni voyaga yetkazishda nuroniylarning o‘rni beqiyos. Jamiyatda yoshi ulug‘ insonlar qo‘lida tarbiya ko‘rgan har qanday bolaning dunyoqarashi keng bo‘ladi, Vatanni, oilani qadriga yetadi, urf-odat va qadryatlarimizni hurmat qiladi. Asosiysi, hayotda o‘z o‘rnini tez topadi.

Ota-ona janjalidan farzand aziyat chekmoqda

Keyingi vaqtlarda er-xotin o‘rtasidagi o‘zaro kelishmovchilik ochiqchasiga o‘z farzandlariga ziyon yetkazish, hatto ularni o‘ldirishgacha borish holatlari bilan tugamoqda. Buning jabrini esa begunoh norasidalar tortyapti.

- Oilaviy nizolar yoki ota-onalarning farzandiga vaqtida e’tibor bermagani bois tarbiyasida nuqsonlar ko‘p uchramoqda, - deydi psixolog Sarvinoz Nosirova. – Chunki keyingi paytda psixolog va ruhshunoslarga aynan shunday murojaatlar ko‘p tushmoqda. Bunday vaziyatda bolalarda ruhiy zo‘riqish vujudga kelyapti va bolalar o‘z uyidan, ota-onasidan bezib boryapti. Oqibatda ruhiy kasalliklarga chalinish, alam ustida ko‘ngilsiz hodisalarga qo‘l urish kuzatilmoqda.

Aksariyat hollarda yoshlarning hayot qurishga tajribasizligi, ya’ni erta turmush va ularni hayotga tayyorlashda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani ana shunday ko‘ngilsizliklarni keltirib chiqarmoqda. Buning ustiga, oila qurgach, bola tarbiyasiga yetarlicha e’tibor berilmayapti. Qiziqishi, istaklari qo‘llab-quvvatlanmayapti va oqibatda bola umidsizlikka tushib, o‘ziga bo‘lgan ishonchi so‘nyapti. Bunday vaziyatga tushib qolgan bolalar asosan ijtimoiy tarmoqlarda vaqt o‘tkazish orqali o‘zini ovutadi, “kim”largadir o‘xshashga, mashhurlikka harakat qiladi yoki do‘stlari orasida eng zo‘ri bo‘lishga intiladi.  Hamma narsaga oson erishishning yo‘llarini izlaydi. Afsuski, bu yo‘l navnihollarni turli oqimlar domiga tortib, xarob qilmoqda.

Yana bir toifa ota-onalar borki, farzandini haddan ziyod erka qilib o‘stiradi, aytgan narsasini muhayyo qiladi. Lekin uni nazoratga olmaydi va bola kelgusida ko‘ngliga kelgan ishni qiladi. Bu yo‘l ham yoshlarni boshi berk ko‘chaga yetaklaydi.

Yoshlarning tarbiyasi haqida gap ketganda kattalarning “Eh-he, bizning davrimizda...” deb boshlanadigan xotiralari “Hozirgi yoshlar buzilib ketgani” haqidagi afsus-nadomatlar bilan tugaydi. Aslida esa “yoshlarning buzilmasligi” jamiyatda kattalar o‘rnatgan tartib-qoidalarga qanchalik amal qilinayotgani bilan belgilanadi. Oilada bola sog‘lom fikr bilan tarbiyalansa, doim nazoratda bo‘lsa, yoshligidan mehnat qilishga, mustaqil yashashga o‘rgatilsa, tarbiyasi buzilmaydi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.