Yoz juda issiq boshlandi, dam olish kunlari havo harorati +46 darajaga ko‘tariladi
Keyingi kunlarda mamlakat hududi bo‘yicha yoz faslining boshi uchun me’yoriy qiymatlardan 7-10 darajaga yuqori bo‘lgan anomal issiq ob-havo kuzatilmoqda. Bu hodisa Eron hududlaridan quruq va issiq havo kirib kelishi bilan bog‘liq.
Dam olish kunlarida issiq yana kuchayadi, kunduz kunlari havo harorati 40-43 daraja issiqqacha, janubda va cho‘l hududlarida ba’zi joylarda 44-46 daraja issiqqacha isiydi. Kechalari esa 22-27 daraja issiq atrofida, respublikaning cho‘l hududlarida ba’zi joylarda 30 daraja issiqqacha bo‘ladi.
Respublikamiz hududining katta qismida bu yozning eng issiq boshlanishidir. Masalan, Toshkentda ushbu yilgacha iyun oyining birinchi haftasida haroratning mutlaq (absolyut) maksimumi 37-39 darajadan yuqori bo‘lmagan.
Dam olish kunlari respublika bo‘yicha shamol ba’zi joylarda changli bo‘ron bilan 17-22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.
“Hurmatli mamlakatimiz aholisi va mehmonlari. Shunga e’tibor beringki, havo harorati 2 metr balandlikda va soyada o‘lchanadi. Dam olish kunlari ayrim tog‘li hududlarda kechga tomon konvektiv bulutlilik rivojlanishida momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor”, deyilgan "O‘zgidromet" xabarida.