Yoz kunlarida O‘zbekiston hududiga Kavkazdan salqin va nam havo oqimlari kirib kelmoqda
Bugun O‘zbekiston hududiga Kavkazdan salqin va nam havo oqimlari kirishni boshladi, deb xabar berdi "O‘zgidromet".
Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari va Farg‘ona vodiysida ob-havo nobarqaror bo‘lishi kutilmoqda. Ayrim joylarga qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi. O‘zbekistonning qolgan hududida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati 28-33 atrofida bo‘ladi. Bu me’yoriy ko‘rsatkichlardan 2-3 darajaga pastdir. Respublika bo‘yicha ayrim joylarda shamolning tezligi soniyasiga 18-23 metrgacha kuchayishi mumkin.
9-10 iyun kuni mamlakatimiz hududining katta qismida ob-havoning yog‘ingarchiliksiz bo‘lishi kutilmoqda. Faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlari bo‘yicha ayrim joylarga yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat fonining qulay bo‘lishi kutilmoqda, kechasi 15-20 daraja, kunduzi 30-35 daraja issiq atrofida bo‘ladi.
9 iyunda shamolli ob-havo saqlanib turadi, ayrim joylarda shamolning shiddati soniyasiga 18-20 metrgacha yetishi mumkin.
Keyinchalik haftaning oxirigacha ob-havo asosan yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi, faqat tog‘li hududlarda ayrim joylarga yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat yana asta-sekin ko‘tarila boshlaydi va haftaning oxiriga kelib kunduzi 34-37 darajagacha yetadi.