Yozgi ta’til: Bolalarning vaqtini o‘g‘irlayapmiz, pedagoglar esa mehnatidan manfaatdor emas
O‘quv yili tugab, maktab o‘quvchilari ta’tilga chiqdi. Endi 10 iyundan yozgi dam olish mavsumi boshlanadi. Bolalar ta’til davrida doimiy oromgoh va umumta’lim maktabida tashkil etiladigan yozgi sog‘lomlashtirish maydonchalariga jalb etiladi. Xo‘sh, bu yil qancha o‘quvchi sog‘lomlashtiriladi? Ushbu maskanlar bolalarni qabul qilishga tayyormi? Bolalarning ta’tilni mazmunli va maroqli o‘tkazishi uchun sharoit yaratilganmi?
Keling, bu haqda fikrlashishidan avval o‘quvchilar beriladigan ta’til haqida so‘z yuritsak.
O‘quvchilar yilning yarmini dam olish bilan o‘tkazmoqda
Maktab o‘quvchilari uchun beriladigan eng ko‘p ta’til – bu to‘rtinchi chorak tugagandan keyingi uch oylik dam olish hisoblanadi. Biroq bu maktab o‘quvchilari to‘qqiz oy tinimsiz o‘qib, atigi uch oy dam oladi, degani emas.
2023-2024 o‘quv yilida maktab o‘quvchilari aslida necha kun o‘qigani va necha kun dam olganini hisoblab chiqdik. Darslar 6 sentyabrdan boshlanganini hisobga olsak, sentyabr oyida 5 kun, o‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan 1 oktyabrda 1 kun, o‘quv yilining I choragi tugashi munosabati bilan 4-9 noyabrda 6 kun, 8 dekabr - Konstitutsiya qabul qilingan kunda 1 kun va o‘quv yilining II choragida 28 dekabrdan 10 yanvargacha 14 kun, 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan 1 kun va 21-27 mart kunlari III chorakda 7 kun, 22-24 aprel kunlari Ramazon hayiti munosabati bilan 3 kun, 9 may - Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan 1 kun va o‘quvchilar jami 39 kun dam olishgan.
O‘quvchilarga yakshanba kuni dars o‘tilmasligini hisobga olsak, 2023 yil sentyabr oyidan 2024 yil may oyiga qadar ta’til kunlariga to‘g‘ri kelgan yakshanbadan tashqari, dam olish kuni yana 30 kundan oshmoqda. Bu esa o‘quvchilar o‘quv yilining to‘rtinchi choragigacha 70 kundan ko‘proq dam olganini ko‘rsatadi. Uch oylik ta’til bilan qo‘shib hisoblanganda o‘quvchilarning umumiy dam olishi 1 yilda 160 kun, ya’ni besh oydan ko‘proqni tashkil qiladi. Afsuski, tizim noto‘g‘ri ishlayapti va aksariyat o‘quvchilar ta’tilni maqsadsiz va behuda o‘tkazyapti. Buni o‘tgan yilda o‘qishga hujjat topshirgan abituriyentlarning salkam yarmi, ya’ni 439 ming 337 nafar (49,4 foiz) abituriyent o‘tish balining eng quyi chegarasi bo‘lgan 56,7 ball to‘play olmaganidan ham bilish mumkin. Mana ta’lim sifati bizda nega pastligining asosiy sabablaridan biri.
Ta’tilda 10 foiz ham bola sog‘lomlashtirilmayapti
Oromgohlar masalasiga qaytsak. Viloyatda bu yilgi mavsumda 7-14 yosh toifasida 16 ta statsionar oromgohda 9610 nafar, 61 ta umumta’lim maktabida tashkil etiladigan yozgi sog‘lomlashtirish maydonchalarida to‘rt davrada 11020 nafar o‘quvchining dam olishi ma’lum qilindi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi bolalarning dam olishi va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti viloyat boshqarmasi boshlig‘i Feruza Qilichevaning ta’kidlashicha, yoz mavsumida bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish maqsadida oromgohlarda faoliyat yuritadigan 60 nafar tarbiyachi, 60 nafar yetakchi va qo‘shimcha 112 nafar zaxira pedagog ro‘yxati shakllantirilgan. Ularga yozgi oromgohlardagi ta’lim-tarbiya ishlarini to‘g‘ri tashkil etish, oromgohlarning madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlarini na’munaviy rejalarini tuzish yuzasidan tushuncha va tavsiyalar berilgan.
Aytish joizki, bu yil 15-16 yosh toifasida o‘quvchilar oromgoh va sog‘lomlashtirish maydonchalariga jalb qilinmagan. Yuqoridagi ikkala raqam (7-14 yosh toifasida 9610+11020) qo‘shilganda, bu yil viloyatda 20 ming 630 nafar o‘quvchi yozgi ta’tilda sog‘lomlashtirilar ekan. Yakunlangan o‘quv yilida esa viloyatdagi umumta’lim maktablarida o‘quvchilar soni 774 ming 864 nafarni tashkil qilgan. Savol tug‘iladi:qolgan o‘quvchilar yozgi ta’tilda nima bilan mashg‘ul bo‘ladi?
- Yozgi ta’til davrida oromgohlar va sog‘lomlashtirish maydonchalariga jalb etilmagan o‘quvchilar uchun reja asosida muzeylar, teatrlar, tarixiy obidalarga sayohatlar tashkil etish rejalashtirilgan, - deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’uli Sunnatillo Kamolov. - Shu bilan birga, viloyat va tuman (shahar) «Barkamol avlod» bolalar maktablarida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida 7 ta yo‘nalish bo‘yicha 70 dan ortiq to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Boshqarma mas’ulining gapiga ishonish qiyin. Chunki oromgohlar va sog‘lomlashtirish maydonchalariga jalb etilmagan viloyatdagi 750 ming nafardan ziyod o‘quvchini viloyat bo‘yicha yil davomida sayohat, sport musobaqalari va turli to‘garaklarga jalb qilish imkonsiz. Boringki, o‘quvchilarning 30 foizi yozgi ta’tilni mazmunli o‘tkazsa ham 70 foizdan ziyod o‘quvchi yozgi ta’tilni maqsadsiz o‘tkazadi.
Nizomda bor, amalda esa...
Ayni paytda viloyatdagi doimiy oromgohlar bilan birga, maktablardagi sog‘lomlashtirish maydonchalarida ham mavsumga tayyorgarlik ishlarining so‘nggi bosqichi davom etmoqda. “Bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari to‘g‘risida”gi nizomda bolalar uchun madaniy tadbirlar dasturi, tanlov va sport musobaqalarini reja asosida tashkil etish va o‘quvchilarning vaqtini mazmunli o‘tkazish belgilangan. Xo‘sh, amalda bu ishlar qanday tashkil etilyapti?
Bu savolning javobini Ishtixon tumanidan izladik. Tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Gulchehra Saidmurodovaning ma’lum qilishicha, umumta’lim maktablarida 49 ming 652 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Joriy yil tumandagi 30, 33 va 81-maktablarda yozgi sog‘lomlashtirish maydonchalari tashkil etilgan bo‘lib, ularga to‘rt navbatda 600 nafar hamda ikkita doimiy oromgohga 800 nafar o‘quvchi jalb qilinadi. Mavsum oldidan ushbu oromgohlarning holati bilan tanishib, ishlar hisobot uchun tashkil etilayotganiga guvoh bo‘ldik.
Jumladan, 30-maktabda bo‘lganimizda o‘qituvchilar dam olish mavsumi boshlangani va kun issiqligi uchun IT bo‘yicha to‘garak o‘tib, o‘quvchilarga vaqtliroq javob berganini aytdi. Mavsum esa endi 10 iyundan boshlanadi. Bu ham mayli, o‘quvchilar uchun tashkil etiladigan to‘garak va musobaqalarning na dasturi va na rejasi ishlab chiqilgan. Vaholanki, buning uchun maktabning 7 nafar o‘qituvchisi biriktirilgan. Yanayam achinarlisi, jalb qilingan pedagoglar bilan shartnoma qilinmagan va ularga maosh to‘lanmas ekan. O‘qituvchi 56 kalendar kuni ta’tilga chiqishi belgilangan. Ammo uning 12 kunida yana maoshsiz ishlashi Mehnat qonunchiligiga ko‘ra, majburiy mehnat emasmi?
Tumandagi 33-maktabda ham mavsumga tayyorgarlik borasida hali hech narsa qilinmagan, shuningdek, “Quvnoq” va “Shabnam” bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohida ham ishlar yakuniga yetmagan.
Xullas, sanoqli kunlardan keyin bolajonlar uchun dam olish mavsumi boshlanadi. Ammo oromgohlarda tayyorgarlik ishlari talab darajasida emas, ba’zilari nomigagina tashkil etilgan. Pedagoglar ham mehnatidan manfaatdor emas. Shu bois o‘quvchi va o‘qituvchilarning vaqti maqsadsiz, behuda o‘tyapti.
Bizda o‘quvchilar ta’tilga chiqishi bilan deyarli barcha maktablarda to‘garaklar faoliyatini to‘xtatdi (Aslida bu to‘garaklar barmoq bilan sanarli). O‘ylashimcha, bu noto‘g‘ri yondashuv. Ta’til davrida barcha maktablarda o‘quvchilarning qiziqishi va xohishiga qarab, bepul va pulli to‘garaklar sonini ko‘paytirish kerak. Masalan, maktab o‘quvchilarining aksariyati repetitorga qatnaydi. Agar bu imkoniyat maktabning o‘zida yaratilsa, o‘quvchining o‘nlab kilometr bosib, shaharga borishga hojat qolmaydi. Bunda ta’tilga chiqqan o‘qituvchilar yoki malakali mutaxassislar ham jalb qilinib, ulraga shartnoma asosida haq to‘lansa bo‘ladi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.