Yozsang, ishdan ketasan! Bunaqa kayfiyatdan qutuladigan payt ham kelarmikin?
Bu holatni hamma biladi: har qanday holatda ham “tekshiruvchi”lar muammo sababini emas, eng avvalo, shikoyat muallifini izlashadi. Muallif topilgach... Ayrim jamoalarda muammo chetda qolib, u bilan shug‘ullanishadi. Achinarlisi shundaki, o‘rganishga borganlarda ham shu kayfiyat: bir amallab tinchitishsa, shikoyatni yopishsa bo‘ldi. Va nihoyat, “tushuntirish xati” olinadi, shikoyat qilgan kishi yo ishdan haydaladi yoki bir pog‘ona ko‘tariladi. Tamom, vassalom! Muammo esa joyida haykaldek turaveradi.
Bu fikrlar osmondan tushgan emas. Ayniqsa, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash tizimida birorta o‘qituvchi yoki shifokor xizmat sifatini oshirish, intizomni mustahkamlash bo‘yicha fikr bildirmaydi. O‘zaro muloqotda dildan suhbatlashsak, “Iltimos, gapimni aytmang, familyamni ko‘rsatmang”, deb iltimos qiladi. Nega, deb so‘rasak, «Barcha toifadagi rahbarlar ham har yig‘ilishda “yozuvchi” deb masxara qiladi, iloji boricha darsni, shtatni qisqartiradi”, deydi.
Boshqa idoralarda ham ahvol shu. Shuning uchun na gazeta, na ijtimoiy tarmoqda oddiy xodimlarning islohotlarga munosabatini sezmayapmiz, ko‘rmayapmiz. Aniqrog‘i, ayrim rahbarlar bir paytlar “ko‘chaning gapi” deb hisoblangan fikr va xulosalar endi ular faoliyatining o‘lchov mezoni ekanini anglashmayapti.
Prezident Sh.Mirziyoyev o‘z portaliga, Xalq qabulxonalariga ega. Viloyat hokimi ham virtual qabulga vaqtini ayamaydi. Xo‘sh, viloyat, tuman tashkilotlari ulardan qachon ibrat olishadi? Ular o‘z xodimlari fikrini yig‘ib, o‘rganib, o‘z sohasi rivoji uchun yuqori tashkilotga taklif kiritishni qachon o‘rganishadi?
Farmon TOShEV.