Yozuvchi Shodmon Otabek vafot etdi

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, tarjimon va yozuvchi Shodmon Otabek 79 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi xabar berdi.
Shodmon Otabek 1946 yili Andijon viloyatining Shirmonbuloq qishlog‘ida tug‘ilgan. 1969 yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi Milliy universitet)ni bitirgan. Respublika radiosida, O‘zbekiston Milliy kinokompaniyasida, Toshkent davlat madaniyat institutida, «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida ishlagan. 1992 yildan 2003 yilgacha «Xabar» gazetasida bosh muharrir bo‘lgan.
Yozuvchining «Mirzakalon Ismoiliy», «Yaproqdagi nur», «Odamiylik sinovlari», «Eng baxtli kun», «Qorbo‘ron», «Shaxmat abadiydir», «Shirmonbuloq oqshomlari» kabi kitoblari, shuningdek, «Yaxshi kunlarda ko‘rishaylik», «Birkam dunyo» qissalari chop etilgan. Tolstoy va Nesinning hikoyalarini o‘zbek tiliga o‘girgan.
"Zarafshon" va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari tahririyati hamda Zarnews.uz sayti jamoasi marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.