YuNESKO bosh direktori Samarqand va Buxoro madaniy merosi haqida maqola e’lon qildi
YuNESKOning asosiy nashrlaridan biri, uchta tilda chop etilgan (ingliz, fransuz va xitoy) «Kurer» jurnalidagi bir nechta maqolalarda O‘zbekiston bilan bog‘liq ko‘hna shahar va buyuk allomalar nomlari keltirib o‘tilgan. YuNESKO Bosh direktori Odri Azule o‘zining mualliflik maqolasida Samarqand va Buxoro shaharlarini «Ipak yo‘lida joylashgan yirik savdo va madaniyat markazlari» sifatida e’tirof etgan.
Manchester universiteti professori, tarixchi Edmund Bosfors qalamiga mansub maqolada O‘zbekiston tarixiy shaharlari va shaxslari nomlari o‘rin olgan. Muallif Samarqand va Buxoroni «orzular shahri», buyuk ajdodlarimiz Amir Temur va Akbarshohni «tarixni yaratgan shaxslar», Ibn Sino va Mirzo Ulug‘bekni «dunyo qarashlarini o‘zgartirgan mutafakkirlar» safida sanab o‘tgan. Jurnalda, shuningdek O‘zbekiston madaniy merosini namoyon etadigan suratlar ham chop etilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston tomoni YuNESKO Bosh qarorgohi tashqi devorlari bo‘ylab namoyish etilgan fotoko‘rgazmada ham ishtirok etdi. Ushbu ko‘rgazmadan mamlakatimizning boy va turfa madaniyati hamda ananalari, tarixiy merosimizni tarannum etadigan qator yorqin suratlar joy oldi, deya xabar beradi «Dunyo» axborot agentligi.