YuNESKO talablariga rioya qilish ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi

2022 yilda Samarqandda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) Davlat rahbarlari kengashining majlisi o‘tkaziladi. Bugun mazkur siyosiy anjumanga tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan.

Samarqand shahrini 2019-2022 yillarda jadal rivojlantirish shtabida ushbu yirik tadbirga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Qurilish, obodonlashtirish, kommunal soha idoralari hamda sohaga aloqador korxona-tashkilot rahbar va mutasaddi xodimlari ishtirok etgan tadbirda haftaning har yakshanbasi shahardagi muammolarni muhokama qilish, jamoatchilik kengashlari, jismoniy va yuridik shaxslar uchun qabullar tashkil etish taklifi bildirildi.

Endi Samarqand shahrini har tomonlama rivojlantirish dasturlari doirasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan turar va noturar joylarni tartibga keltirish, bino, inshoot va kommunikatsiya tizimlarini qayta qurish, yangi qurilishlar, obodonlashtirish ishlarini bajarish, shuningdek,  gaz, suv, elektr energiyasi ta’minoti va kanalizatsiya masalalaridagi har qanday muammo tezkorlik bilan hal etib boriladi. 

Shuningdek, yig‘ilishda jamoatchilik kengashlari, qabullarda YuNESKO talablariga rioya qilish ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari loyihalarini tayyorlashda muhandislik va kommunal soha mutaxassislarini jalb etish, xalq muhokamasiga qo‘yish va mutasaddi idoralarga tavsiyalar ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.

Karimberdi TO‘RAMURODOV.