“Yuqori nuqta”da noqonuniy olib ketilayotgan 24 tonna metall parchalari aniqlandi
Viloyat bojxona boshqarmasi kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida Bulung‘ur tumanida qora metall parchalarining noqonuniy aylanuviga qarshi kurashish bo‘yicha tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tezkor ma’lumotlarga asosan, Bulung‘ur tumani “Yuqori nuqta” yo‘l patrul xizmati maskanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Navoiy-Sirdaryo” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan yuk avtomashinasi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Natijada avtotransport vositasining yukxonasidan hech qanday hujjatlari bo‘lmagan, qiymati 60 million 300 ming so‘mlik, og‘irligi 24 tonna 134 kilogramm bo‘lgan qora metall parchalari borligi aniqlanib, vaqtincha saqlovga olingan. Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan ma’muriy ish yuritilmoqda.
Ma’lumot uchun, viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan joriy yil boshidan hozirgacha qiymati 688 million so‘mdan ziyod, 78 tonnaga yaqin rangli va qora metall parchalari ushlab qolingan, deya xabar beradi viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati.