Yurak-qon tomir kasalliklari aniqlangan va «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»da bo‘lgan 200 mingdan ziyod aholiga enalapril dori vositasi bepul tarqatiladi
2021 yil 9 noyabr kuni mamlakatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan kardiologiya sohasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida amalga oshirilgan ishlar, sohaning dolzarb muammolari, kelajakdagi ishlar muhokama etilgandi.
Buning natijasida 2022 yil 26 yanvarda “Yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish va davolash sifatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Alohida ta’kidlash kerak, 2017 yilda sohaga qaratilgan e’tibor hamda qabul qilingan qarorlar tufayli viloyatimizda kardiologiya sohasida keskin o‘zgarishlar amalga oshirildi. Zamonaviy jihozlar keltirilishi barobarida xorijda faoliyat yuritgan shifokorlar jalb etildi. Natijada yurak bilan bog‘liq murakkab operatsiyalar Samarqandda amalga oshirila boshlandi. Kattalar xirurgiyasi bilan bir qatorda bolalar kardioxirurgiyasi yo‘lga qo‘yildi.
Prezident qarorida, endilikda ushbu xizmatlarni tuman miqyosida ham ko‘rsatish mo‘ljallangan. Jumladan, viloyatdagi barcha tuman tibbiyot birlashmalarida 20 o‘rinli kardiologiya filiallari tashkil etiladi. Ushbu filiallarga 5 turdagi asbob-uskunalar, zamonaviy exokardiograf, xoltr monitor, EKG, defibrelyator, qonning quyuq-suyuqligini o‘lchaydigan asbob beriladi.
Operatsiyadan tashqari bo‘lgan yurak xastaliklarini endilikda tuman shifoxonalarida ham davolash imkoniyati yaratiladi.
Tabiiyki, o‘z-o‘zidan “Filiallar tashkil etilar, ammo shifokorlar masalasi qanday hal etiladi?”, degan savol paydo bo‘ladi. Bunda vrachlar rotatsiyasini yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Ya’ni, filial vrachini ikki oylik xizmat safari bilan tumanga jo‘natamiz va tumandagi kardiolog shifokor viloyat markazida kelib ishlaydi. Ular bu yerda faoliyat ko‘rsatish bilan bir qatorda malaka oshiradi hamda keyinchalik bemalol o‘z hududidagi kardiologiya bo‘limida malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ladi.
2021 yilda 8 nafar mutaxassislarimiz xorijda malaka oshirib qaytgan bo‘lsa, 2022 yilda ham bir guruh shifokorlar xorij davlatlarida bo‘lishi kutilmoqda.
Shuningdek, qarorga ko‘ra, sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inida aholi bilan bevosita mahallada ishlaydigan «tibbiyot brigadalari» va oilaviy poliklinikalar rolini tubdan oshirish hamda yurak-qon tomir kasalliklarini erta aniqlash va ularning oldini olish maqsadida 2022 yildan boshlab qator yangiliklar joriy etiladi.
Xususan, yiliga bir marta 18 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan aholining salomatlik profili (ovqatlanish xarakteri, tamakiga qaramlik, tana vazni indeksi, arterial bosim, qondagi qand va xolesterin darajasi va boshqalar) baholanadi. 40 yoshdan oshgan aholini oilaviy poliklinika va tibbiyot brigadalari orqali yiliga kamida bir marta manzilli skrining tekshiruvlaridan o‘tkaziladi. Yurak-qon tomir kasalliklari aniqlangan bemorlarning yagona elektron reyestrini yuritish hamda ushbu turdagi kasalliklari mavjud «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»da bo‘lgan 200 mingdan ziyod aholiga enalapril (Enalapril) dori vositasini bepul tarqatish, ehtiyojga ko‘ra tuman (shahar) shifoxonalari laboratoriyalarini koagulometr uskunasi hamda zarur reaktivlar bilan to‘liq ta’minlanadi.
Maqsud Saidov,
respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali direktori.