Yuraksiz 555 kun yashagan yigit

Amerika Qo‘shma Shtatlarida jiddiy yurak xastaligi bilan og‘rigan odamlarning mos donor organni kutish davrida umrini uzaytirish va ularga omon qolishga yordam beradigan innovatsion texnologiya ishlab chiqildi.
Yurak transplantatsiyani kutgan Sten Larkin (Stan Larkin) 555 kun yuraksiz yashadi. Shu davr davomida u yuragi o‘rnini bosadigan qurilmani o‘zi bilan birga ryukzakda olib yurdi va hatto beysbol o‘ynashga muvaffaq bo‘ldi.
Shifokorlar Sten va uning akasiga “oilaviy kardiomiopatiya” tashxisini qo‘yishdi. Bu irsiy yurak kasalligi bo‘lib, unda insonning bu a’zosi yoshlik davridan asta-sekin ishlamay qo‘yadi.
2014 yilning dekabr oyida Larkinning yuragi olib tashlandi, o‘rniga qo‘yilgan sun’iy yurak “Syn Cardia Freedom Portable Driver” deb nomlangan qurilmaga ulandi. Og‘irligi 6 kilogrammdan sal ko‘proq bo‘lgan tizim nasoslar va siqilgan havo yordamida arteriyalar orqali qonni pompalab, haqiqiy yurak vazifasini bajardi. Yelka xaltachada joylashtirilgan uning asosiy qismi bo‘lgan trubasimon asbob bemor tanasiga vaqtincha joylashtirilgan sun’iy yurakka ulandi.
25 yoshli Sten Larkin ushbu tibbiy "mo‘’jizaviy texnologiya" muvaffaqiyatining ajoyib namunalaridan biriga aylandi. U taxminan 17 oy, ya’ni 555 kun ryukzagida olib yuradigan sun’iy yurak vazifasini bajarib, zarur hayotni ta’minlagan ko‘chma qurilma tufayli o‘z yuragisiz yashashni davom ettirib, tirik qoldi.
Stenning akasi Dominik ham yurakni olib tashlash va uning o‘rniga sun’iy organ qo‘yiladigan xuddi shunday muolajadan o‘tishi kerak edi. Biroq, Dominik omadliroq chiqdi va donor unga juda tez, bir necha hafta ichida topildi. Sten esa deyarli bir yarim yil davomida sun’iy yurak bilan yashashiga to‘g‘ri keldi. Cheklovlarga qaramay, ko‘plab shifokorlarni hayratda qoldirib, faol harakat qilgan Sten hatto basketbol o‘ynashni davom ettirdi.
Natijada 2016 yilda donor topildi va muvaffaqiyatli o‘tgan operatsiyada Sten Larkinga haqiqiy tirik yurak transplantatsiya qilindi.
“Bir kun kelib menga yuragini bergan donorning oilasi bilan uchrashib, shaxsan o‘z minnatdorchiligimni bildirishni istardim. Umid qilamanki, ular bunday uchrashuvga rozi bo‘lishadi”, degan edi o‘shanda Sten.
Ushbu hikoya zamonaviy tibbiy texnologiyalar bemorlarning hayotini qanday o‘zgartirishi va ularga ikkinchi hayot imkoniyatini berishining yorqin namunasi bo‘lib xizmat qiladi.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.