“Yurt o‘g‘loni elga shunday so‘z dedi”
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, iqtidorli shoir va jamoat arbobi Sa’dulla Hakim hayot bo‘lganida 70 yoshga to‘lardi.
Purviqor Nurota tizma tog‘larining so‘lim etagida, navqiron Forish zaminining maftunkor adirlari orasida Garasha otli mashhur qishloq bor. Bu qishloqning taniqli farzandlaridan biri Sa’dulla Hakimdir.
Sa’dulla Hakimni xalqimiz uzoq yillardan beri jamiyatimizda madaniyat va ma’naviyat, jurnalistika va adabiyot sohalarini rivojlantirishga katta hissa qo‘shib kelayotgan inson sifatida taniydi. Yurtimizning ertasi uchun jon kuydirgan, uning gullab yashnashiga xizmat qilgan, yosh avlod tarbiyasida yuksak mas’uliyat bilan, fidokorona mehnat qilgan Sa’dulla Hakimdan katta ijodiy meros qoldi. Ajoyib nazmiy va nasriy asarlar, publitsistik maqolalar muallifi, talantli shoir, yoshlarning talabchan ustozi sifatida mamlakatimiz san’ati va madaniyati rivojiga katta hissa qo‘shdi.
Sa’dulla Hakim Toshkent davlat universiteti (Hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) ning jurnalistika fakultetini tugatib, o‘zining jo‘shqin she’rlari bilan xalqimiz nazariga tushdi. She’riyat bilan birgalikda jurnalistlik kasbini ulug‘lab, jamoatchilik ichida obro‘-e’tibor topdi. U «Saxovat» jurnali, «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati», «O‘zbekiston ovozi» gazetalarida adabiyot va san’at bo‘limi mudiri, mas’ul kotib, «Ma’rifat» gazetasida bosh muharrir, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida Axborot targ‘ibot-tahlil markazining rahbari, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining bosh muharriri bo‘lib ishladi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining a’zosi bo‘ldi.
Shu kunga qadar shoirning “Hamal tonglari», «Sen kutgan bahor», «Yoz oqshomi», «Ona so‘z», «Saylanma», «Ko‘ngil yuzi», «Ko‘hna naql», “Bola Botir” kabi o‘ndan ortiq she’riy to‘plamlari nashr etildi. «Esimda qolgan kunlar», «Atom qa’riga sayohat» kabi publitsistik yo‘nalishdagi asarlari ham kutubxonalardan joy olgan. U Gyote, Pushkin, Lermontov, Yesenin, Yunus Emro kabi shoirlarning asarlarini o‘zbek tiliga mohirona tarjima qilgan.
Sa’dulla Hakim jo‘shqin ijodi mahsuli bo‘lgan kitoblari va asarlari davlat va jamoatchilik tomonidan chuqur e’tirof etilgan. U o‘zining “Saylanma” kitobi uchun 2002 yilda “Eng ulug‘, eng aziz” respublika tanlovi g‘olibi bo‘ldi. Ma’naviy-ma’rifiy hayotimizga oid “Esimda qolgan kunlar”, “Atom qa’riga sayohat” kabi publitsistik asarlari adabiy jamoatchilik nazariga tushdi. U “Bola Botir” dostonida badiiy so‘zning ulkan maqsadlar va mustahkam e’tiqod yo‘lidagi o‘rni, ahamiyatini tiniq obrazlar vositasida ochib beradi.
Shuningdek, uning o‘tmishdagi el jasorati va qahramonliklarini sharaflovchi “Olis yulduz” dostoni xalqimiz nazariga tushdi. Dostonda shoirning o‘ziga xos badiiy uslubda namoyon etilgan tarixiy-falsafiy konsepsiyasi, borliq va insonni bir butunlikda tasavvur qilish, tasvirlash yo‘sini o‘ziga xos tarzda ifoda etiladi. Adabiyot, jurnalistika va jamoat ishidagi yutuqlari uchun Sa’dulla Hakim 2002 yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni bilan taqdirlangan.
U O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasini raisi sifatida bir necha yil mehnat qilib, ijodiy jamoatchilikni qizg‘in faoliyatini muvofiqlashtirib keldi. Ijod ahli bilan doim yelkadosh bo‘lib, ularning turmush va ijoddagi muammolarini hal etish, kasbga oid ishlarini takomillashtirish borasida tinmadi. Xalqimizga beminnat xizmatlari uchun 2019 yilda Prezidenti Farmon bilan yuksak mukofot - “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.
Iqtidorli adibning “Yurt o‘g‘loni” kitobida inson, jamiyat, el-yurt, vatan sha’ni va qudrati, nash’u namosi badiiy satrlar orqali kishilarga ma’naviy ruh beradi.
Ulug‘ yo‘lda ulug‘ karvon elim bu,
Yulduzlarga qo‘ygan narvon elim bu.
Ming baxtida ming bir armon elim bu.
***
O‘zbekiston - biru borim sen o‘zing,
Ixtiyori ixtiyorim sen o‘zing,
Ikki dunyo nomus-orim sen o‘zing.
Shoir kitobda yurt madhi, vatan sha’ni va hayot mantig‘ini yuksak badiiy satrlar bilan ifodalaydi, qalb bilan oshno bo‘ladigan, inson hissiyotini junbushga keltiradigan, bir umr xotirada muhrlanib qoladigan so‘zlar, fikru mulohazalar orqali talqin etadi. Shoirning yutug‘i ham shunda. U el-yurt sha’ni va qudratining o‘tmish hamda bugungi kun nuqtai nazari bilan uyg‘unligini, istiqlol ne’matlarining mazmuni va mantig‘ini o‘zbek xalqining milliy yuksalishi bilan teran bog‘liqligini yorqin satrlarda ifodalay oladi:
Har nimaki joiz Mavlo yaratdi,
Bir-biridan aziz, avlo yaratdi,
Odam zotin tengsiz, a’lo yaratdi,
Yurt o‘g‘loni elga shunday so‘z dedi.
***
Oyday chiroy ochsin Vatan tal’ati,
Yuksal, buyuk allomalar millati.
Keldi yashash chog‘i yurtni gullatib,
Yurt o‘g‘loni elga shunday so‘z dedi!
Makon va zamon. Tarix va taqdir. Mazkur falsafiy tushunchalarning zamirida ne bir xususiyatlar, ne bir fazilatlar, ne bir hodisotlar yashirinmagan. Tarixning zalvorli sahifalarida yozilgan va yozilayotgan, aytilgan va aytilayotgan, jahoniy qudrat baxsh etayotgan buyuk so‘zlar ezgulik tantanasi uchun shior vazifasini o‘taydi. Ezgulikka yo‘g‘rilgan so‘zlar yaxshilik, mehr va muruvvatga tashna qalblarga orom, yashash va yasharishga bo‘lgan intilishlariga ilhom bag‘ishlaydi.
Shuningdek, shoir kitobda quyidagilarni ta’kidlaydi: “elim, yurtim deya qayg‘urib yashayotgan har bir inson yurt o‘g‘loniga xos muayyan jihatlarni o‘z shaxsida ko‘rsa, his etsa, ajab emas. Hayot hamisha yurtning fidoyi o‘g‘lonlari, o‘g‘il-qizlari bilan obod, ko‘rkam, boqiy. Asar yozilishiga ikki ming o‘n yettinchi yil avgust oyining uchinchi sanasida, ijod ahli uchun unutilmas voqea bo‘lgan anjumanda aytilgan quyidagi fikr turtki bergan edi: “El dardini yozmagan qalam qalam emas!”. Shu maqsad yo‘lida bitilgan satrlarim shoyad ko‘nglingizga bir qatim nur misol yo‘l topsa”.
Dunyo minbaridan o‘zbek so‘zini
Tinglab ahli jahon ochdi ko‘zini,
Ma’rifat nuriga chaydi yuzini,
Yurt o‘g‘loni elga shunday so‘z dedi.
Shoirning asarlarida asosiy mazmun jamiyat va inson taqdiri, hayot yo‘lining turli mohiyat kasb etuvchi pastu baland voqeliklarga boy, lekin takrorlanmas sahifalari, unda o‘ziga xos zalvor, qudrat va buyuklikning mujassamligi, bu esa umr falsafasining oliy nuqtasini ifodalashini inson ruhiyatiga ma’rifiy oziq beradi, hayotiy salmoq va ko‘tarinkilik bag‘ishlaydi. Oliy nuqtani egallash esa, yuksak martaba bo‘lib, ma’rifat nurining so‘nmas buloqlaridan qonib suv ichib, ma’naviy takomilga yetishishdir. Ma’naviy takomilga yetishishning asosiy maqsad va muddaosi jamiyat hamda xalq manfaatini ko‘zlash bilan qorishib ketishi bilan izohlanadi.
Bu ona diyor oldidagi yuqori mas’ullik bo‘lib, qalb qo‘ri, yurak amri bilan o‘z tug‘ilib o‘sgan yurtini salobatini ellar aro yanada ko‘z-ko‘z qilish, ma’nan targ‘ibot qilish jarayoni demakdir. Sa’dulla Hakimning erishgan yutuqlar zamirida doimo tug‘ilib o‘sgan vatanini sevishi, tabiatga oshno bo‘lishi, o‘z yaqinlari, yor-birodarlariga doimo mehr ko‘rsatishi, el-yurtni chuqur hurmat qilishi, shuningdek ana shunday tuyg‘ular og‘ushida o‘z ustida tinmay izlanishi, o‘z bilimini tinmay oshirib borishi, shogirdlariga saxiylik bilan ulashib borishi kabi yuksak fazilatlar yotadi.
Sa’dulla Hakim umri davomida doim izlanishda bo‘ldi, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, insonni barkamollikka undashda adabiyot va jurnalistika orqali katta jur’at va mas’uliyat bilan ijod qildi. 2020 yil 11 oktyabrda Toshkent shahrida vafot etdi.
Akbar Saitqosimov,
falsafa fanlari doktori, professor.