Yurtdagi farovonlik ilm-fanga bog‘liq
Tarixda ilm ahli yuksak qadrlangan, fan ravnaqiga katta e’tibor qaratilgan davrlarda mamlakatning izchil taraqqiyoti, mo‘’tadil rivojlanish kuzatilganligini barchamiz yaxshi bilamiz.
Bugun mamlakatimizda ilm-fan sohasini tubdan isloh qilishdan maqsad ham shu – taraqqiyot va farovonlikka erishish. Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev ham bozorlarimizning to‘kin-sochinligi faqat qora mehnat evazigagina bo‘lmasligi lozimligini aytib, agar bundan buyon ilm-fanni rivojlantirmasak, yurtimizdagi bu to‘kinlikni saqlab tura olmasligimizni alohida ta’kidladi. Ilm-fan sohasi darg‘alari oldiga bir qancha muhim va dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda. Mamlakatimiz ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlarga nazar tashlar ekanmiz, avvalo, nimalarni va erishilgan qaysi yutuqlarni e’tirof etish mumkin?
Birinchi navbatda, Prezident tomonidan ta’lim va fanni yangicha shakl va mazmunda tashkil qilish, rivojlantirish masalalari davlat siyosatining eng ustuvor vazifasiga olib chiqilganligini qayd etish lozim.
Ikkinchidan, o‘tgan qisqa vaqt mobaynida ta’lim tizimi islohotlari doirasida Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etilib, mamlakat bo‘ylab bolalarni bog‘chalarga qamrab olish darajasi keskin oshdi. O‘zini oqlamagan kasb-hunar ta’limi tizimi isloh etilib, o‘qish muddati 3 yildan 2 yilga qisqartirildi. O‘rta umumta’lim maktablarida ta’lim muddatining 9 yildan 11 yilga o‘zgartirilishi ham ta’lim tizimidagi ichki uzilishlarga barham berib, mamlakatimizning uzoq joylaridagi qishloqlarda yuzaga kelgan bir qator qiyinchiliklarni bartaraf etdi. Maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilari, murabbiylari, o‘rta umumta’lim maktablari o‘qituvchi-xodimlari va oliy ta’lim muasasalari professor-o‘qituvchilarining oylik maoshlari sezilarli miqdorda oshirildi, ularning jamiyatda tutgan o‘rni va nufuzi tiklanib, obro‘-e’tibori ortdi.
Oliy ta’lim tizimida islohotlarning borishi va amalga oshirilgan o‘zgarishlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, barcha universitetlar va institutlarda qabul kvotalari oldingi yillardagidan ikki marotabaga oshirildi, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda tahsil olish uchun kechki va sirtqi ta’lim tiklandi, chet mamlakatlardagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tadqiqot muassasalarida yangi avlod o‘qituvchilari va ilmiy xodimlarini tayyorlash tizimi ishga tushdi. Shuningdek, tajribali va yuqori malakali xorijlik professor-o‘qituvchilar, mutaxassislar mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida ishlash uchun taklif etilyapti. Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik ta’minotida jiddiy ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, ta’lim tizimimizda, oliy ta’limga nisbatan mutlaqo yangicha munosabatlar shakllantirilyapti.
Davlatimiz rahbarining qat’iy sa’y-harakati va bevosita tashabbusi bilan ta’limga davlat siyosati darajasida munosabatda bo‘lish orqali bu sohada yillar davomida ildiz otgan salbiy jihatlarning yanada chuqurlashib ketishining oldini olish imkoniyati yaratildi. Muammoning chuqurlashuvi shu darajada ediki, jamiyatning eng asosiy tarkibiy qismi bo‘lgan ta’lim tizimi bu inqirozlarni juda tezlik bilan o‘ziga “singdirib olgan edi”. Oqibatda kishilar qanday bo‘lmasin oliy ta’lim diplomini qo‘lga kiritish uchun qonuniy va noqonuniy yo‘llarni izlay boshladilar. Korrupsiya kuchaydi, tanish-bilishchilik, mahalliychilik iqtidorli kadrlar tanlovini izdan chiqardi va, binobarin, bu hol oliy ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayonining barqaror, mo‘’tadil bo‘lishiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatdi, ta’lim sifati butunlay tushib ketdi. Natijada, aksariyat yoshlar qo‘llarida oliy ta’lim muassasasi diplomi bo‘lgani holda na ta’limda, na ishlab chiqarishda o‘zining munosib o‘rnini topa oldi.
Janubiy Afrika Respublikasidagi Stellenboss universitetining kiraverishiga: “Har qanday millatni yo‘q qilish uchun atom bombasi yoki uzoq radiusga ta’sir qiladigan raketalarga hojat yo‘q. Faqat ta’lim sifati pasaytirilsa va imtihonlarda talabalarga aldash uchun imkoniyat yaratilsa bas… Ta’limning barbod bo‘lishi – millatning kasodga uchrashidir!” – deb bejiz yozib qo‘yilmagan. Chindan ham, bugungi kunda jamiyat taraqqiyoti va xalqning farovon turmushi, davlatning mustahkamligi va mustaqilligining davomiyligi, dunyo miqyosida tan olinishi innovatsion bilim va ilm-fanning barqaror rivojlanishiga bog‘liqligini hech kim inkor eta olmaydi.
Shuning uchun ham ta’lim tizimidagi mutlaqo yangicha yondashuv – bu ta’lim tizimining ham xuddi iqtisodiyot kabi davlat monopoliyasidan chiqarilishi jarayonining boshlanishidir. Xususiy bog‘chalar va maktabgacha ta’lim muassasalari bilan bir qatorda, o‘rta umumta’lim maktablari, oliy ta’lim muassasalarining ochilishi davlat ta’lim muassasalariga muqobil raqobatchilikni yuzaga keltirdi va bular, o‘z navbatida, ta’lim muassasalarining ko‘payishigagina emas, ta’limning sifatiga ham katta ijobiy ta’sir etishi shubhasiz.
Shu o‘rinda bir holatga alohida e’tibor qaratish juda muhimdir. Ya’ni, yangi tashkil etilayotgan oliy ta’lim muassasalarining aksariyati chet ellik hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli ravishda tashkil etilayotganligidir. Bugungi kunda mamlakatimizda 116 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Ularning 21 tasi chet davlatlarning nufuzli universitetlari va institutlari bilan hamkorlikda mutlaqo yangi o‘quv rejalari va dasturlar, shuningdek, 2+2 tizimi asosida tashkil etildi. Bu bir tomondan, yoshlarimizning chet tillarni o‘rganishlarini yanada tezlashtirayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan, ularning zamonaviy innovatsion bilimlarni chuqurroq egallashlariga hamda chet mamlakatlarning ta’lim va fan, ishlab chiqarish korxonalarida bevosita amaliyot o‘tashlariga keng yo‘l ochdi. Bu ishlar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q: chuqur tahlillar, qiyosiy o‘rganishlar, falsafiy mushohadalar asosida qaror qabul qilishlar orqali amalga oshmoqda, amaliy harakatlarning mablag‘ bilan ta’minlanishi masalalari ham osonlikcha yechilayotgani yo‘q.
Tez sur’atlar bilan amalga oshirilayotgan ta’lim islohotlari jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha ri-vojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni va uning birinchi ilovasi bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” muhim o‘rin tutadi. Chunki mazkur farmon va konsepsiya mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari oldiga qo‘yilgan bugungi kundagi dolzarb vazifalardan tashqari, 2030 yilgacha va undan keyingi istiqbol reja-dastur qabul qilinganligi bilan ham betakror va tarixiy hujjat bo‘lib qoladi. Ushbu tarixiy hujjatlarga tayangan holda 2030 yilgacha mamlakatimizda maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim muassasalariga qamrab olish darajasining bosqichma-bosqich oshirish hamda 50 foizgacha yetkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, yangi oliy ta’lim muassasalari, mutaxassisliklar, yo‘nalishlar ochish, bu sohada davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish, o‘quv jarayoniga kredit-modul tizimini bosqichma-bosqich joriy etish, mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarini dunyo reytingining 1000 talik ro‘yxatiga kiritish eng muhim vazifalardan hisoblanadi. Bu jarayonda O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand Davlat universitetini O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari flagmani – yalovbardoriga aylantirish va dunyo universitetlari reytingining 500 taligiga kirishiga erishish ham asosiy maqsadlardan sanaladi.
Chet el investitsiyalari asosida oliy ta’lim muassasalarida texnopark, forsayt, texnologiyalar transferi, startap, akselerator kabi ko‘plab innovatsion markazlarning tashkil etilishi, ularning bosqichma-bosqich o‘zini-o‘zi moliyalashtirish orqali avtonomiyaga qarab borishi akademik mustaqillikni ta’minlashga olib keladi. 2020 yil 1 yanvardan boshlab, tajriba-sinov tariqasida mamlakatimizdagi 10 ta oliy ta’lim muassasasining o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazilayotganligi ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bo‘yicha yana bir muhim va dadil qadam bo‘ladi.
Mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari ushbu farmon va konsepsiyadan kelib chiqqan holda 2030 yilgacha rivojlanish dasturi – “Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqdilar. Albatta, bu yo‘l xaritalarida, birinchi navbatda, oliy ta’lim muassasasining moddiy-texnik bazasini rivojlangan chet mamlakatlarning oliy ta’lim muasssalari darajasida tubdan yangilash, o‘quv rejalari va fan dasturlarini amaliyotga yo‘naltirish nuqtai nazardan shakllantirish, ularni yangi darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari, ilmiy-uslubiy adabiyotlar bilan ta’minlash, zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalarni o‘zlashtirgan yangi avlod o‘qituvchilarini tarbiyalash kabi muhim vazifalar qo‘yildi.
Mardon BOLTAYeV,
Samarqand davlat universiteti ilmiy kotibi, dotsent.